ShHT DAVLATLARI UCHUN O‘ZBEKISTONDAN INNOVATSIYALAR

16.08.2022

ShHT DAVLATLARI UCHUN O‘ZBEKISTONDAN INNOVATSIYALAR

Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining ikkinchi iqtisodiy forumi O’z ishini boshladi. Ikki kun davomida ishtirokchilar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi, ShHT maydonida aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Forum doirasida ShHT sanoat innovatsiyalari yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkaning maqsadi tashkilotga aʼzo mamlakatlarning innovatsion gʻoyalari, texnologiyalar va loyihalarni tijoratlashtirish uchun sharoit yaratishdan iborat.

“INNO” texnoparki hududida o‘tkazilgan yarmarkada “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar mahsulotlari jamoaviy stenddan o’rin oldi. Jamoaviy stenddan mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatida mahalliylashtirilgan mahsulotlar na’munalari namoyish etilmoqda. Ular orasida: jelatin, poyabzal va poyabzal tagliklari, yelim kabi 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarni uchratish mumkin. Shuningdek, mehmonlar va ishtirokchilar eʼtiboriga teri va qorakoʻlni  kimyoviy vositalardan foydalanmasdan qayta ishlash sohasidagi innovatsion ishlanmalar taqdim etildi. Stendda nafaqat poyabzal sanoatida, balki tibbiyotda ham qo‘llaniladigan termoplastik elastomer kabi yangiliklar ham namoyish etildi. Termoplastik kauchuk - bu oddiy sharoitda yumshoq kauchuklarning xususiyatlariga ega bo'lgan va yuqori harorat ta'sirida yuqori suyuqlikni saqlaydigan, tayyor mahsulotlarni qoliplash uchun ishlatilish uchun zarur bo'lgan polimer tarkibdir. Yarmarka doirasida mahalliy mahsulotlarga qiziqish bildirgan Pokiston va Hindistondan kelgan Forum ishtirokchilari bilan muzokaralar olib borildi.

Yarmarka ishtirokchilari va mehmonlari joriy yilning kuzida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” 13-xalqaro koʻrgazmasiga taklif etildi.

Uzcharmsanoat