TADBIRKORLAR MUROJAATLARI O'RGANILMOQDA

28.07.2022

TADBIRKORLAR MUROJAATLARI O'RGANILMOQDA

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2022 yil 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o'tkazadi. 

Qayd etish kerakki, o'tgan yili ilk bor o'tkazilgan uchrashuvda 10 000 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etib, o'zlarini qiynab kelayotgan muammolar va hal etilishi lozim bo'lgan masalalar yuzasidan Davlat rahbariga o'z takliflarini bildirgan edi. Albatta, mazkur tadbirda katta ahamiyat qaratiladigan qatlam –  kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo'nalishi etib belgilanganligi, so'nggi besh yilda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilinganligi e'tiborga olinsa, navbatdagi tadbirning nechog'li muhimligini anglab qiyin emas.

Mazkur ochiq muloqotga munosib tayyorgarlik ishlari olib borish maqsadida mamlakatimiz charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatida faoliyat olib borayotgan biznes vakillari bilan muloqotlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Joriy yil 20 avgustida Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan bo'lib o'tadigan mazkur muloqotiga puxta tayyorgarlik ko'rish, biznes vakillarining murojaatlarini o'rganish, tadbirkorlar tomonidan kelib tushayotgan takliflarni umumlashtirish va tahlil qilish, asoslangan takliflar ishlab chiqish yuzasidan “O'zcharmsanoat” uyushmasida Monopoliyaga qarshi kurash davlat qo'mitasi mas'ul rahbar xodimlari bilan hamkorlikda, Uyushmaga a'zo 100 ga yaqin korxonalar vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Qizg'in muloqot tarzida o'tgan ushbu uchrashuvda korxonalar vakillari “O'zcharmsanoat” uyushmasi hamda Monopoliyaga qarshi kurash davlat qo'mitasi rahbar xodimlariga o'z murojaatlarini yo'lladi, shuningdek, sohadagi tadbirkorlarni o'ylantirib kelayotgan masalalar yuzasidan mutasadilar bilan fikr almashildi. Bunda o'rtaga qo'yilgan masala va takliflar mazmuniga e'tibor qaratiladiganda, banklar orqali kredit liniyalari ajratilishi, foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish, davlat xaridi asosida byurtmalar bo'yicha to'lovlar o'z vaqtida amalga oshirilishi zarurati, xalqaro sifat standartlarini joriy qilish, eksport va import bilan bog'liq o'ziga xos jihatlar muhokamalar tarkibida yetakchi o'rinlarda bo'lganini alohida ta'kidlab o'tish mumkin.

Masalan, Buxoro viloyatida faoliyat ko'rsatayotgan “New Star 2020” korxonasi ayni vaqtda faoliyatini kengaytirish maqsadida kichik sanoat zonasidan ajratilgan yerni xususiylashtirishga ko'maklashish yuzasidan murojaat bildirdi. Korxona investisiya talablarini to'liq bajargan bo'lib, yangi ish o'rinlarini yaratgan. Hozirdagi asosiy maqsadlardan biri tijorat banklaridan kredit olgan holda yangi ishlab chiqarish liniyasini barpo etish bo'lib turibdi. Mutasaddilar tomonidan ushbu taklif o'rganib chiqilib, tez fursatda birgalikda ijobiy yechim topilshida amaliy yordam choralarini ko'rsatish bo'yicha qaror qabul qilindi.

Andijon viloyatidagi “Yangi vodiy poyabzal” korxonasi esa tijorat banklaridan xorijiy valyutada imtiyozli kreditlarni olish tartib-tamoyilida qiyinchiliklar mavjudligini bildirdi. Amalga oshirgan loyihasining umumiy qiymati 1 mln. dollarni tashkil etadigan ushbu korxona to'liq quvvatda ishlashi uchun Xitoydan asbob-uskunalar sotib olishga ehtiyoj mavjud bo'lib, ushbu maqsadda banklardan xorijiy valyutada kredit olishda muammolar yuzaga kelmoqda. Mazkur murojat o'rganib chiqilib, Uyushma va Qo'mita tomonidan bu masala ijobiy va to'g'ri hal qilinishida ko'maklashish bo'yicha kelishib olindi.

Tadbirkorlarimiz bilan samimiy aloqa ruhida bo'lib o'tgan ushbu muloqot chog'ida turli mavzularda kelib tushgan 30 dan ortiq takliflar va murojaatlardan ayrimlari shu joyning o'zida hal etilganligi diqqatga loyiq bo'lib, ulardan yetarlicha ko'rib chiqilishi muayyan muddat talab etiladiganlari chuqur tahlil bilan o'rganib chiqish mas'uliyatiga qabul qilinganligini, shu bilan birga, yechimi davlat rahbariyati darajasida hal bo'lishi mumkin bo'lgan taklif-mulohazalar esa Prezident Sh.Mirziyoevning tadbirkorlar bilan 20 avgustda bo'lib o'tadigan muloqotidagi masalalar tarkibiga qo'shilishi uchun tegishli instansiyalarga taqdim etilishi to'g'risida to'xtamga kelinganligini alohida ta'kidlab o'tish mumkin.

Uzcharmsanoat