MASHHUR FRANSUZ BRENDI “MEPHISTO” O'ZBEKISTON BILAN HAMKORLIK QILADI

24.05.2022

MASHHUR FRANSUZ BRENDI “MEPHISTO” O'ZBEKISTON BILAN HAMKORLIK QILADI

“UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi arafasida “O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Fransiyadagi “Mephisto” kompaniyasining savdo direktori Semen Mostovoy bilan uchrashdi.

Ma'lumot o'rnida keltiri o'tish mumkinki, 2022 yil 25-27 may kunlarida Toshkentda bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo-2022” ko'rgazmasida Fransiyaning bir nechta mashhur brendlari va kompaniyalari ham o'z mahsulotlari bilan ishtirok etadi.

Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama aloqalarni yo'lga qo'yish, Yevropa ittifoqi, xususan, Fransiya bozoriga O'zbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarini yetkazib berish masalasini atroflicha muhokama qilishdi. SHuningdek, ikki mamlakat kompaniyalari o'rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlagan xolda qo'shma korxonalarni tashkil etish bo'yicha fikr almashildi.


Muloqot chog'ida Uyushma tomonidan Fransiya kompaniyasiga mamlakatimizda charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qonunchilik bazasi, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, xom ashyo bazasi to'g'risida atroflicha ma'lumot taqdim etildi.

O'z o'rnida “Mephisto” kompaniyasining savdo direktori so'nggi yillarda O'zbekistonda charm-poyabzal sohasidagi islohotlar va yangilanishlar, ishlab chiqarish salohiyatini ortishi mahalliy mahsulotlarimizning xorijga eksportini kengayayotganligida asosiy omil bo'lganini qayd etdi.

Ma'lumot uchun: “Mephisto”  dunyo charm-poyabzal bozorida 50 yillik muvaffaqiyatli tajribaga ega kompaniyadir. Xitoy, AQSH, Kanada, Yevropa mamlakatlarida “Mephisto” brendi ostida 900 ga yaqin do'konlar mavjud. Kompaniyaning brend portfeliga 5 ta: Mephisto, Originals, Mobil, Sano, Allrounder poyabzal modellari kiradi. Poyabzallar Fransiyadagi zavodda ishlab chiqariladi. 


Endilikda fransuz brendi O'zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo'shma korxonalarni ochishga, tabiiy charm mahsulotlarini xarid qilishga katta qiziqish bildirmoqda. Uyushma rahbariyati bu tashabbuslari to'liq qo'llab-quvvatladi.

Uchrashuv so'ngida ushbu tashabbuslarni qisqa fursatda amalga oshirish maqsadida “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi doirasida mahalliy korxonalar bilan B2B uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olindi.

Uzcharmsanoat