OʻZBEKISTONDA MARKAZIY CHARM TADQIQOTI INSTITUTI OCHILADI

15.04.2022

OʻZBEKISTONDA MARKAZIY CHARM TADQIQOTI INSTITUTI OCHILADI

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Hindistonga amalga oshirgan biznes missiyasi doirasida CSIR – markaziy charm tadqiqoti institutida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokara boʻlib oʻtdi. CSIR yaqin kunlarda Oʻzbekistonda oʻzining yangi ilmiy-tadqiqot institutini ochishga qaror qildi. 

CSIR – terini qayta ishlash sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar bazasini oʻzida jamlagan tarmoq tashkilotidir. Tashkiot tarkibida 37 ta milliy laboratoriya, 39 ta axborot-tadqiqot markazi, 3 ta innovatsion majmua mavjud. Bu yerda qariyb 3500 nafar olim yangi ishlanmalar ustida oʻz faoliyatini olib boradi. Dunyodagi global institutlar orasida qirq oltinchi, Osiyoda birinchi oʻrinda boʻlgan tashkilot navbatdagi ilmiy-tadqiqot markazini Oʻzbekistonda ochishni rejalashtirmoqda.

CSIRning Oʻzbekistondagi faoliyati nima beradi?

Mazkur tashkilotga qarashli boʻlgan navbatdagi markazning aynan mamlakatimizda ochilishi eng avvalo mahalliy korxonalarimiz bu yoʻnalishdagi innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishish, oʻz faoliyatlari uchun zarur texnik yangiliklarni olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Shuningdek, yangi markaz nafaqat Oʻzbekiston korxonalariga xizmat koʻrsatish imkonini beradi, balki Markaziy Osiyo va MDH davlatlarining terini qayta ishlash korxonalari ham Oʻzbekistonda joylashgan markaz orqali ilmiy-tadqiqot xizmatlaridan, laboratoriya tekshiruvlari natijalaridan foydalanish hamda va global darajadagi patentlarni olish imkoniyatlariga ega boʻladi. Bu oʻz navbatida mamlakatimiz charm sanoatiga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni joriy qilishga xizmat qiladi.

Oʻzbek charm-poyabzalchilari Hindistonning sanoat poytaxtida

Hindistoning sanoat poytaxti – Kanpurda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi terini qayta ishlovchi yirik zavodlar, kompaniyalar vakillari bilan muloqotlarga kirishdi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, Kanpur Hindistonning yirik iqtisodiy shaharlaridan biri boʻlib, dunyodagi terini qayta ishlovchi kompaniyalar markazi sanaladi. Mamlakat charm savdosining 30% ulushi ham aynan ushbu shaharga toʻgʻri keladi. Kanpur shahri ichidagi Jajmau hududining oʻzida xom teridan tortib aksariyat qismi eksportga yoʻnaltiriladigan tayyor, “finish” darajasidagi mahsulotgacha qayta ishlovchi 300 ta korxona faoliyat yuritib keladi.
Bugungi kunda Kanpur shahrida charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 932 ta kompaniyalar mavjud boʻlib, mahsulotlar taniqli va sifatli hisoblanganligi sababli koʻplab xorijiy davlatlar tomonidan yuqori talabga ega.

Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari Kanpurda joylashgan “Penza Exports” kompaniyasi bilan muokaralar oʻtkazdi. Muloqotda kompaniya vakillari mebelsozlik va avtomobilsozlik uchun zarur boʻlgan qoʻtos (buyvol) terisining ikkilamchi qayta ishlangan “wet-blue” shakli Oʻzbekistondan xarid qilinishini maqsad oʻrnida belgilayotganligini maʼlum qildi. Bu borada mahalliy korxonalar bilan muloqotlar oʻtkazilishi boʻyicha kelishib olindi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, “Penza Group” kompaniyasiga 1990-yilda asos solingan. Dastlabki faoliyatini Hindistonning mahalliy korxonalari uchun qoramol terisidan “wet-blue” olish boʻyicha boshlagan. Yillar oʻtgach, kompaniyada ikkilamchi qayta ishlangan terini tayyor mahsulotga aylantirish va undan charm-attorlik mahsulotlarini olish boʻyicha ishlar boshlanadi. Sekin-astalik bilan xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilgan kompaniya avtomobilsozlik va mebelsozlik uchun tayyor charm eksportini 2004-yildan boshlab Janubiy Koreyaga eksport qilishni boshlaydi. 2006-yildan boshlab kompaniyaning charm mahsulotlariga Italiya ham qiziqish bildiradi. Bugungi kunda “Penza Group” dunyoda tayyor charm yetkazib beruvchilar reytingida eng yuqori oʻrinda turadi. Kompaniyada yiliga 3,5-4 mln. metr kvadrat tayyor charm ishlab chiqariladi. Klaster tizimida oʻz faoliyatini olib boradigan bu korxonada terini qayta ishlashdan tortib to tayyor mahsulotlargacha boʻlgan jarayonlar shu joyning oʻzida amalga oshiriladi. Bugungi kunda kompaniyada aynan “wet-blue” shaklidagi yarim tayyor charmlarga talab yuqori. Shu bois bu yoʻnalishda ishlab chiqarish uchun imkoniyatlar katta boʻlgan mamlakat – Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan. Bu esa respublikamizning eksport salohiyatiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Navbatdagi muloqot mavzusi sifatida yurtimiz korxonalariga malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasi koʻrib chiqildi. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi “EAST WEST TANNERS” kompaniyasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ilmiy laboratoriyalar, shuningdek, mamlakatimizda aynan charm sanoati sohasida maxsus taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha ham fikr almashildi. Kompaniya rahbarining soʻzlariga koʻra, “Covid-19” pandemiyasi tufayli bu ishlar ortga surilgan edi, biroq ayni damlarda bu ishlarni oldinga siljitish uchun imkoniyat yetarli.

“EAST WEST TANNERS” – jahon standartlarini oʻz ichiga olgan charm-attorlik buyumlari va aksessuarlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda Hindistonning charm-poyabzal sohasida eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar aksari aynan shu korxonada tayyorlanadi. Kompaniya faoliyatida xom ashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan barchasi talab etilgan standartlarga toʻliq mos keladi, shu va boshqa sabablarga koʻra u Yevropa va Amerika bozorida muayyan darajada yetakchilik qilib kelmoqda.

“EAST WEST GROUP” etnik va tendentsiyaga ega boʻlgan jahon darajasidagi ot sporti aksessuarlarini loyihalash va ishlab chiqish boʻyicha tajribaga ega boʻlgan holda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy maqsadi Hindistondagi eksportga yoʻnaltirilgan birliklarga xizmat koʻrsatish edi. Talabning tez oʻsishi bilan doimiy yuksalish doimiy jarayonga aylandi.

“HOMERA TANNING INDUSTRIES” kompaniyasi Oʻzbekistonda yangi qoʻshma korxonani ochish boʻyicha oʻz tashabbusini ilgari surdi. Muloqot chogʻida qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar yangi loyihalarni samarali yoʻlga qoʻyish uchun xizmat qiladi.

“HOMERA TANNING INDUSTRIES” kompaniyasi Kanpurdagi yirik klaster korxonasidir. Bu yerda 6 ta charmni qayta ishlash zavodi, 3 ta mahsulot ishlab chiqarish korxonasi, logistika markazi mavjud. Klasterda 900 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. 35 yillik tarix oraligʻida kompaniya Hindistoning eng yirik klaster korxonasiga aylandi. Jahon brendlarining avtomobilsozligi, mebelsozligi, moda va xavfsizlik sohalari uchun tayyor charm yetkazib beradi. Shuningdek, dunyo bozoriga oʻzining keng assortimentdagi poyabzal, charm-attorlik buyumlarini yetkazib beradi.

Kompaniya muvaffaqqiyatining asosiy sababi sifatida u klaster tizimida, yaʼni “charm tayyorlash+mahsulot ishlab chiqarish+yetkazib berish” tizimida ishlashi omilini koʻrsatib oʻtish. Bu esa mahsulotning tannarxi arzonlashuviga olib keladi, natijada dunyoda kompaniya mahsulotlariga boʻlgan talab ortib bormoqda. Bugun “Homera Tanning Industries” jahonning aksessuarlarga boʻlgan talabini muayyan darajada qondirish imkoniga ega.

Hindiston kapitali asosida yana bir korxona mamlakatimizda oʻz faoliyatini boshlaydi. “Oʻzcharmsanot” uyushmasi delegatsiyasining navbatdagi manfaatli muloqoti “CLE” kompaniyasi bilan boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda hind kompaniyasi rahbari Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan mamnun ekanligini va biznes uchun qulay boʻlgan bu kabi mamlakatga oʻz sarmoyasini kiritishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Charm eksport kengashi (CLE) Hindiston charm va charm mahsulotlari sanoatining tez rivojlanayotgan va eng yirik tashkilotidir. Kengash mamlakat charm korxonalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish uchun faoliyatini olib boradi. CLE sababli ham Hindistonning global teri savdosidagi ulushi yildan yilga orti bormoqda. Quvonarlisi shuki, CLE Oʻzbekiston bilan manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki ishlarni boshladi.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Hindistonga amalga oshirgan biznes missiyasi samarali muloqotlar, yangi hamkorlar topish va eng asosiysi Oʻzbekistonning charm-poyabzal sohasidagi salohiyatini dunyo jamoatchiligiga, xususan, yetakchi kompaniyalar eʼtiboriga namoyish qilish uchun qulay platforma boʻlib xizmat qildi.

Uzcharmsanoat