O‘ZBEKISTON-VENGRIYA: YANGI BIZNES SHARTNOMALARI

04.10.2022

O‘ZBEKISTON-VENGRIYA: YANGI BIZNES SHARTNOMALARI

2022-yil 3-oktyabr kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Vengriya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Biznes-forumda ikki davlatning rasmiy tuzilmalari: vazirliklar, idoralar, savdo-sanoat palatalari, uyushmalar, agentliklar va banklar, yirik kompaniyalar ishtirok etdi. Forum ijtimoiy tarmoqlar va ZOOM platformasi orqali ham onlayn translyatsiya qilindi. Tadbirda O‘zbekistonning turli soha va tarmoqlari vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda uyushmaga aʼzo korxonalar onlayn ishtirok etdi.

Forumning ahamiyati shundaki, jahon iqtisodiyotida pandemiya, geosiyosiy jarayonlar, logistika va energetika, iqlim o‘zgarishi kabi ko‘plab muammolar bilan yangi davr boshlangan. Shu sabab ikki davlat o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini aniqlash juda muhim. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi va ikki davlat biznes tuzilmalari uchun ushbu tadbirning o‘tkazilishi hamkorlikning istiqbolini belgilab olishdan ahamiyatlidir.

Biznes-forum davomida “O‘zbekistonga nima uchun sarmoya kiritish lozim?”,“ Exim Hungary– Vengriya eksport-kredit agentligi” va boshqa mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi. Biznes-forum doirasida bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Forum davomi B2B muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa, “O‘zchamsanoat” uyushmasi rahbariyati Vengriya korxonalari bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. “Mattai” bilan muloqot chog‘ida charm-poyabzal sanoatida qo‘llaniladigan texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, kompaniya vakillari O‘zbekistondan tayyor charm import qilish, autsorsing va franchayzing asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Milliy brendimiz “Sitonni” Vengriyaning “Apollo Cipoipari” kompaniyasi bilan brend poyabzallarni autsorsing va franchayzing shartlarida ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyihaning umumiy qiymati 1,6 million dollarni tashkil qiladi. Vengriyaning “Tisza Cipo” va O‘zbekistonning “Classica Shoes International” (KFK) kompaniyasi o‘rtasida poyabzalning ustki qismini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 800 ming AQSH dollari bo‘lgan loyiha bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “Andras Gladinetz” O‘zbekistondan maxsus poyabzal sotib olishga ham qiziqish bildirdi.

Oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “UzCharmExpo-2022” xalqaro ko‘rgazmasida ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikning keyingi istiqbollari atroflicha muhokama qilinadi.

Uzcharmsanoat