ALIBABA.COM: B2B SAVDONI RIVOJLANTIRISHDA YANGI IMKONIYATLAR

11.10.2022

ALIBABA.COM: B2B SAVDONI RIVOJLANTIRISHDA YANGI IMKONIYATLAR

“UzCharmExpo–2022” XIII xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi oldidan “O‘zcharmsanoat” uyushmasida Xitoyning “Alibaba Group” korporatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda O‘zbekistonda tayyorlangan charm-poyabzal mahsulotlarini Alibaba.com xalqaro platformasiga olib chiqish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Xitoy korporatsiyasi vakillariga O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘z navbatida, xorijlik mehmonlar Alibaba platformasining imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazishdi. Shuningdek, Alibaba.com saytida kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha batafsil ma’lumot berishdi.

“Alibaba Group” korporatsiyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha menejeri Mariya Kadantseva O‘zbekiston iqtisodiyoti bugungi kunda Osiyoda jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri bo‘lib, ishlab chiqarish va sarmoyaviy salohiyat, eksport hajmi  borasida yuqori natijalarni ko‘rsatayotganini ta’kidladi. “Shu sabablarga ko'ra biz O'zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Onlayn platformamizda tayyor charm, charm buyumlar va poyabzallarga talab ortib bormoqda. Ayni turdagi mahsulotlar savdosidagi eng yirik xaridorlar uchligida AQSh, Ispaniya va Xitoyni ko`rish mumkin. Yetkazib beruvchilar orasida esa Xitoy  va O`zbekiston yetakchidir. Mahsulotlarning raqobatbardoshlik darajasi bo`yicha platformada O'zbekiston katta ustunlikka egadir. Umid qilamizki, O'zbekistonning charm-poyabzal korxonalari bizning platformamizda eng yaxshi savdo natijalariga erishadilar”.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati korxonalarining ommabop onlayn savdo maydonchasiga kirishi eksport hajmini qo‘shimcha 50-80 million dollarga oshiradi. Poyabzal, charm buyumlar, mo‘ynali kiyimlar eksport geografiyasini kengaytiradi. Ulgurji va chakana savdo korxonalarining 190 ga yaqin xorijiy davlatlarning iste'molchilari bilan to'g'ridan-to'g'ri savdo aloqalarini o'rnatishiga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda Alibaba.com  O‘zbekistonning charm-poyabzal va mo‘yna korxonalarini ro‘yxatga olish va ularning mahsulotlarini joylashtirishni boshladi. Alibaba Group mutaxassislari O‘zbekistonlik tadbirkorlarga platformadan foydalanish va ishlarni optimallashtirishda  texnik ko`mak beradi. 

Korporatsiya vakillarining ma`lumotlariga ko‘ra Alibaba Group Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportni rag‘batlantirish agentligi  bilan kelishgan holda yil oxiriga qadar subsidiya ajratish bo‘yicha yana 100 ta kvota ajratadi.

Uzcharmsanoat