“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida “KAZLEGPROM-Olma-Ota” MCHJ delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar chogʻida Qozogʻistonga charm mahsulotlarini eksport qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, muloqotda Uyushmaga aʼzo kompaniyalar: “Azr-Textile” MCHJ, “Blackstone” MCHJ, “Kuraman Vostok”MCHJ, “Poyabzalchi”HT, “Anka”MCHJ, “Ulkan Laziz”MCHJ, “Absolute Promteks”MCHJ ishtirok etdi.
Uyushma rahbariyati qozogʻistonlik tadbirkorlarga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻyna sanoati sohasiga oid qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgarishlar, investorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida maʼlumot berdi. Mehmonlar charm mahsulotlar tayyorlovchi korxonalarning ishlab chiqarish salohiyati va xom ashyo zaxiralari bilan tanishdi.
Muzokaralar chogʻida Qozogʻiston kompaniyasi vakillari oʻz korxonasi ehtiyojlari uchun tayyor charmni Oʻzbekistondan import qilish niyatida ekanlikgini maʼlum qildi. Buning uchun uchrashuv davomida Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari naʼmunalari bilan tanishdi. Mehmonlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarning sifati va narxi xorijiy korxonalarnikidan sezilarli darajada farq qiladi. Shuning uchun Qozogʻiston kompaniyasi Oʻzbekistondan charm mahsulotlarni xarid qilishga qaror qilgan.
Maʼlumot uchun: “KAZLEGPROM-Olma-Ota” MCHJ Qozogʻiston yengil sanoat tarmogʻining eng yuqori texnologiyali ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaladi. Qozogʻiston yengil sanoat korxonalari uyushmasi, Qozogʻisiton Respublikasi yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar kengashi, “Made in Kazakhstan” tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uyushmasiga aʼzo sanaladi. Faoliyati ustki kiymlar, maxsus poyabzallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Qozogʻistonlik tadbirkor va ishbilarmonlar 5 kun davomida Toshkent, Namangan, Andijon, Fargʻona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridagi qator ishlab chiqarish obektlari faoliyati bilan yaqindan tanishadi.
Uchrashuv yakunida mahalliy kompaniyalar vakillari va Qozogʻistonlik tadbirkorlar hamkorlikning keyingi istiqbollarini belgilash uchun bevosita korxonalarda alohida muzokaralar oʻtkazishga kelishib oldilar.
Uzcharmsanoat