BIZNES UCHUN KONSTRUKTIV MULOQOT

24.12.2021

BIZNES UCHUN KONSTRUKTIV MULOQOT

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Prezident Administratsiyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari, uyushma masʼul xodimlari ishtirokida soha tadbirkorlari bilan yuzma-yuz va videokonferensaloqa formatida ochiq muloqot tashkil etildi. 

Kun tartibidan – sohaning bugungi xolati, tarmoqda yuzaga kelayotgan, tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammolar, charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha masalalar oʻrin oldi. Mamlakat rahbari tomonidan 2022-yilda charm-poyabzal mahsulotlarining eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Bu borada qanday choralar koʻrish boʻyicha taklif va tashabbuslar tadbirkorlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. 


160 dan ortiq tadbirkor ishtirok etgan yigʻilishda sohani yanada rivojlantirish borasida oʻz takliflari va tashabbuslari, tadbirkorlar oldida turgan muammolarni  koʻtarishdi.

Terini qayta ishlash korxonalari rahbarlari ishtirokida tozalash inshootlari va muhandislik tarmoqlarini qurish, yer uchastkalari ajratishdagi muammolar muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlar charm mahsulotlar sifatini nazorat qiluvchi markazlashtirilgan laboratoriya tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Bugungi kunda ishbilarmonlar terini qayta ishlash bilan shugʻullanadigan malakali dizaynerlar, marketologlar va texnologlarning etishmasligiga duch kelishmoqda. Bu borada xorijiy oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.


Shuningdek, ishbilarmonlarning aksariyati bugungi kunda tadbirkorlik subʼektlariga imtiyozli kreditlar ajratish jarayonlarini soddalashtirish masalasi boʻyicha mutasaddilarga oʻz fikrlarini bildirdi. Boisi, ayni vaqtda kreditlar ajratishdagi ortiqcha qogʻozbozliklar tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga jiddiy toʻsqinlik qilmoqda.

Shuningdek, ochiq muloqotda uyushmaga aʼzo boʻlish, aʼzolik badallari va qarzdorlikni toʻlash masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilishda koʻtarilgan masalalar taxlil qilinib, bugungi kunda tadbirkorlik subektlari duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish yuzasidan qaror qabul qilindi. Tadbirkorlardan kelib tushgan takliflar asosida tegishli qaror loyihasi ishlab chiqiladigan boʻldi.

Uzcharmsanoat