OʻZBEKISTON-QIRGʻIZISTON: HAMKORLIKDA YANGI RAQAMLAR

20.12.2021

OʻZBEKISTON-QIRGʻIZISTON: HAMKORLIKDA YANGI RAQAMLAR

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Qirgʻiz Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda asosiy eʼtibor charm-poyabzal sanoati yoʻnalishida savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi xolati va eksport-import koʻrsatkichlarini yanada oshirishga qaratildi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston korxonalari oʻrtasida investitsiya yoʻnalishida 2021-2022-yillarda Fargʻona viloyatida poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 10,2 million dollarlik 7 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 4,85 million dollari qirgʻizistonlik hamkorlar tomonidan jalb qilinadi.


Agar 2017-yilda Qirgʻizistonga 125 ta korxona oʻz mahsulotlarini eksport qilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 200 dan ortdi. Joriy yilning 1-dekabr xolatiga koʻra bu koʻrsatkich 21,8 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, yil oxirigacha bu hajm 23,8 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Bugungi kunda Qirgʻizistonda uyushmaga aʼzo “Botir Muhammadali” MCHJ korxonasi tomonidan ochilgan “Elite Stile” multibrend doʻkoni va “Ravon Tarraqiyot Orzusi” MCHJning bir qator dilerlik markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Uchrashuvda Qirgʻiz Respublikasining 3 ta yirik shahrida (Bishkek, Oʻsh, Jalolobod) oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari sotiladigan multibrend doʻkonlarini ochish boʻyicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi.


Bishkek shahrida muntazam oʻtkazib kelinadigan “MADE in UZBEKISTAN ” xalqaro koʻrgazmasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi jamoaviy stend bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Bu oʻz navbatida eksport hajmini oshirish, eksport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, uchrashuvda Qirgʻizistonning charm-poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi korxonalaridan charm mahsulotlari yetkazib berish masalasi muhokama qilindi.

2022-yilning yanvar-fevral oylarida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Qirgʻizistonda multibrend doʻkonlarini ochish va hamkorlik aloqlalarining kelgusi istiqbollarini belgilab olish maqsadida mazkur davlatga tashrifi rejalashtirilgan boʻlib, ushbu uchrashuvda bu borada manfaatli kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.

Uzcharmsanoat