“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalardan iborat delegatsiyaning Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan ishbilarmonlik tashrifining soʼngi kunida delegatsiya vakillari Istanbulda joylashgan charmsanoat korxonalari, brendlar, universitetlar rahbariyati bilan muzokaralar oʼtkazdi.
Uyushma delegatlari hamda “Samarali va barqaror loyiha maslahatchisi” kompaniyasi (ESPD) oʼrtasida boʼlib oʼtgan muloqotda mamlakatimiz charm sanoati uchun malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, loyihalarni shakllantirish va boshqarish, investitsion dasturlarga innovatsiyalarni joriy qilish, tashqi bozorlar taxlilini olib borish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Maʼlumot uchun: ESPD Charmsanoat sohasida loyihalarni markazlashtirish va uni amalga oshirish boʼyicha xizmatlarni koʼrsatib keladi. 15 yildan buyon YeI va BMTning grant dasturlarini boshqaradi. Yangi loyihalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Yangi va mavjud korxonalarda rahbar va menejerlarni, texnolog va injenerlar malakasini oshirish, boshqaruv sohasida koʼnikmalarini shakllantirish boʼyicha oʼquv dasturlarini olib boradi.
Muloqotda Oʼzbekiston charmsanoatida extiyoj sezilayotgan mutaxasissliklar boʼyicha kadrlar tayyorlash masalasi atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, tashqi bozorlarni monitoringini amalga oshirishda Oʼzbekiston korxonalari uchun treninglar tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv soʼngida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va ESPD oʼrtasida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish boʼyicha memorandum imzolandi.
Turkiyaning “Layki” brendi Oʼzbekiston korxonalari bilan hamkorlikda oʼz brendi ostida poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Turk kompaniyasi mamlakatimizda poyabzal mahsulotlari uchun zarur boʼlgan tagliklar, yelim xom ashyosini ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Brend vakillari va mahalliy tadbirkorlarimiz bilan boʼlib oʼtgan muloqotda loyihani amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari koʼrib chiqildi. Korxonalarni brend talablari asosida texnik-texnologik yangilash, kolleksiyalar yaratishda brend tajribasini oʼrganish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv soʼngida brend rahbariyati mart oyida Oʼzbekistonga kelib, hamkorlik qiluvchi kompaniyalar bilan kelishuv imzolashini maʼlum qildi.
Poyabzal tag qisimlarini ishlab chiqaruvchi Turkiyaning “El Taban” kompaniyasi esa “San+One” korxonasi bilan hamkorlikda yangi loyihani boshlash arafasida. Ikki kompaniya uchrashuvida ushbu loyihani qay shartlar asosida amalga oshirish masalasi koʼrib chiqildi. Kompaniya rahbari Oʼzbekiston korxonalari bilan koʼp yillardan buyon hamkorlik qilib kelishini bildirdi. Oʼzbekistonda korxona ochish eng avvalo Markaziy Osiyo va Rossiya bozoriga qulay kirib borish imkonini yaratishini maʼlum qildi.
Samarali muloqot va muzokaralarga boy boʼlgan Turkiya safari mahalliy korxonalarimiz uchun mazkur mamlamkat kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishda katta imkoniyatlarni yaratdi.
Uzcharmsanoat