O‘zbekistonda terini qayta ishlashda Yevropaning Traceability tizimi joriy etiladi

25.09.2023

O‘zbekistonda terini qayta ishlashda Yevropaning Traceability tizimi joriy etiladi

Milanda bo`lib o`tgan Linapelle ko‘rgazmasi doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Yevropa hamjamiyatining charmchilar va libos tikuvchilar milliy uyushmalari konfederatsiyasi (COTANCE) rahbari Manuel Rios va Italiya charmchilar uyushmasi (UNIC) vakili Julia Martin bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun, Yevropa hamjamiyatining charmchilar va libos tikuvchilar milliy uyushmalari konfederatsiyasi (COTANCE) Yevropa charm sanoatining vakillik organi hisoblanadi. Ushbu tashkilot Evropadagi barcha milliy charm ishlab chiqaruvchilar uyushmalarini birlashtiradi. Bryusselda joylashgan COTANCE xalqaro miqyosda Yevropa charm sanoati manfaatlarini ilgari surish uchun yaratilgan. COTANCE Yevropa charm sanoati nuqtai nazarini ifodalovchi yagona malakali organdir.

Uchrashuvda jahon charm sanoatining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda charm zavodlarini modernizatsiya qilish, korxonalarda boshqaruv sertifikatlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Manuel Rios 2025 yilda Yevropaga olib kiriluvchi charmga qo‘yiladigan talablar haqida Uyushma rahbariyatiga batafsil ma`lumot berdi. Xususan, terini barcha bosqichlarda kuzatish tizimi joriy etilmoqda. U orqali charmning hosil bo‘lishidan boshlab, tayyor charmda qanday turdagi mahsulot ishlab chiqarilishigacha bo‘lgan jarayonlar kuzatib boriladi.

Yig‘ilishda O‘zbek charm mahsulatlarini Yevropaga eksport qilish jarayonini to‘xtatmaslik uchun ushbu tizimni O‘zbekistonda joriy etish muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston charm sanoatini strategik rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Uzcharmsanoat