HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH YO`LIDA

26.06.2023

HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH YO`LIDA

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Xitoydan kelgan delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida bo‘lgan Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi va uning doirasida o‘tkazilgan, mamlakatimiz salohiyati namoyish etilgan biznes-forum Xitoylik sarmoyadorlar tomonidan mamlakatimizga sarmoya kiritishga qiziqish ortganiga asosiy omildir.

Uchrashuv avvalida Chin yurtidan tashrif buyurgan mehmonlarga mamlakatimiz charmsanoat sohasining oʻziga xos xususiyatlari, charm-poyabzal sanoatini rivojlantirishga sarmoya kiritayotgan investorlar uchun davlat tomonidan koʻrsatilayotgan har tomonlama amaliy ko`mak haqida toʻliq maʼlumot berildi. Bugungi bozor raqobati hamda mahalliy korxonalarning xorij bozoridagi ustunliklari qayd etildi.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatida Xitoy kapitali ishtirokidagi 100 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxonalar asosan charm-poyabzal mahsulotlari, xom ashyo ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tayyor mahsulotlar eksportga yo`naltiriladi.

Uchrashuv savol-javob tarzida bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar O‘zbekistonda biznes yuritishning turli tafsilotlari bilan qiziqdi: yer olish tartibidan tortib, tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lanadigan soliq turlarigacha barcha savollarga atroflicha javob berildi.

Yaqin kelajakda Xitoy bilan hamkorlikda xorijiy kompaniyalar va qoʻshma korxonalar soni keskin oshishi kutilmoqda. Eslatib oʻtamiz, yaqinda Xitoydan kelgan investor bilan Toshkent viloyatidagi 60 gektar yerda Xitoy korxonalari uchun charm-poyabzal sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha hamkorlik shartnomasi  imzolangan edi.

Uzcharmsanoat