GIZ charm-poyabzal sohasiga taʼlim grantlarini jalb qilishga koʼmaklashadi

29.05.2023

GIZ charm-poyabzal sohasiga taʼlim grantlarini jalb qilishga koʼmaklashadi

 2023 yilning 26 may kuni “Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va birgalikda qoʼshma dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

 Uchrashuvda Oʼzbekistonda charm-poyabzal va moʼynachilik sohasida sifatli taʼlim dasturlarini amalga oshirish, tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, standartlashtirish va sertifikatlashtirishga oid mavzularda oʼzaro fikr almashildi.

Maʼlumot oʼrnida qayd etish kerak, GIZ 130 dan ortiq mamlakatda oʼz faoliyatini olib boradi. 1992 yildan buyon Oʼzbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Faoliyati davomida mamlakatimizda xususiy sektorni qoʼllab-quvvatlash, qishloq xoʼjaligi, kimyo sanoati, taʼlim va koʼplab sohalarda qoʼshma dasturlar va loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 

Uyushma rahbariyati bilan boʼlib oʼtgan muloqotda GIZ tomonidan grant asosida texnik yordam koʼrsatish dasturi doirasida charmsanoat sohasiga grant mablagʼlarni jalb etgan xolda “dual” taʼlim tizimi mehanizimlarini joriy etish masalasi koʼrib chiqildi. Mamlakat boʼylab 14 mln. yevro boʼlgan katta bir dastur amalga oshirilmoqda. Аynan ushbu loyiha doirasida charm-poyabzal sohasi uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratilgan alohida dastur ham ishlab chiqilib, “dual” taʼlim tizimi asosida mahaliy korxonalardagi, qasb-hunar kollejlari, umum taʼlim maktablaridagi yoshlarga taʼlim beriladi. Bu uchun GIZ tomonidan alohida grantlar jalb etiladi.

Shuningdek, uchrashuvda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasining Toshkent shahrida mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda moda, dizayn, texnologiya, standartlashtirish, marketing yoʼnalishlarida soha korxonalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, sohada innovatsiyalarni joriy qilish boʼyicha “Charm-poyabzal moda, dizayn va innovatsiya markazi” shoʼba korxonasini tashkil qilish masallasi ham koʼrib chiqildi. Bu borada Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasining ushbu loyihaga tashqi begʼaraz koʼmak (grant) mablagʼlarini jalb qilish boʼyicha ta'kliflari va tashabbuslari GIZ tomonidan qoʼllab-quvvatlandi.

 Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlarining xorijiy davlatlarga eksport hajmini oshirish maqsadida standartlashtirish markazini tashkil etish masalasi ham uchrashuvda alohida muhokama qilindi. Ushgbu markaz eng avvalo xalqaro sifat sertifikatlarini korxonalarga joriy qilish, xalqaro standartlarni ishlab chiqarishda qoʼllashda amaliy koʼmak koʼrsatadi. Bu oʼz navbatida xalqaro bozorda “Oʼzbeksitonda ishlab chiqarilgan” yorligʼi ostidagi mahsulotlarning nufuzini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Uzcharmsanoat