“O`ZCHARMSANOAT” UYUSHMASI DELEGATSIYASI “RUSSIA HALAL EXPO-2023” XALQARO KO`RGAZMASIDA

20.05.2023

“O`ZCHARMSANOAT” UYUSHMASI DELEGATSIYASI “RUSSIA HALAL EXPO-2023” XALQARO KO`RGAZMASIDA

Joriy yilning 18-19 may kunlari Tatariston Respublikasining poytaxti Qozon shaxrida an`anaviy “Russia Halal Expo” xalqaro ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Mazkur anjuman Rossiya sanoatida halol mahsulotlar, xizmatlar va loyihalarni ommalashtirish hamda targ`ib qilish maqsadida tashkil etiladi. 

“Russia Halal Expo” xalqaro ko‘rgazmasi iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini qamrab oladi. Oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash, kosmetika va kimyo sanoati, moda, turizm, ulgurji va chakana savdo, axborot texnologiyalari, moliya va investitsiyalar, iste'mol tovarlari kabi bo`limlarda kompaniyalar o`z ekponatlari bilan ishtirok etadi.

Joriy yilda ushbu xalqaro anjuman doirasida “Made in Uzbekistan” ko`rgazmasi ham tashkil etildi. Unda mamlakatimizning tarmoq kompaniyalaridan iborat delegatsiya tarkibida “O`zcharmsanoat” uyushmasi hamda unga a`zo korxonalar jamoaviy stend bilan ishtirok etishdi. Uyushma delegatlari ko'rgazmaga tashrif buyurgan kompaniyalar va investorlar bilan eksport va sarmoyaviy yo'nalishlarda uchrashuvlar, muzokaralar olib bordi. 

Jumladan, “Ulkan Laziz” MCHJ va Rossiyaning “Makro” kompaniyasi o`rtasida bo`lib o`tgan muloqotlarda mamlakatimizda tayyorlangan mahsulotlarni Rossiya bozoriga yetkazib berish bilan bo`gliq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, “Ulkan Laziz” MCHJ Tatariston kompaniyasi bilan 1 mln. dollarlik eksport shartnomasini imzoladi. 

Qorako`l mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug`ullanuvchi “Salay Zuhra” korxonasi esa BAA investorlari bilan bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi loyihani BAA kopitali asosida ishga tushirish bo`yicha muzokarlar o`tkazdi. Xorijiy kompaniyalar 2023 yilning 18-20 oktabr kunlari bo`lib o`tadigan “UzCharmExpo” xalqaro ko`rgazmasida ishtirok etishini ma`lum qildi.

Bundan tashkari moda yo`nalishida Ozarbayjon, Rossiyaning moda uylari rahbarlari bilan ham hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Kuzda Toshkent mezbonlik qiladigan “UzCharmExpo” xalqaro ko`rgazmasida mazkur moda uylari vakillari o`z kolleksiyalari bilan ishtirok etishini ma`lum qildi.

“Russia Halal Expo” xalqaro ko`rgazmasi doirasida uyushmaga a`zo korxonalar o`z biznes portfellarini yangi eksport shartnomalari va investitsiya kelishuvlari bilan to`ldirdi.

Uzcharmsanoat