“UzCharmExpo-ShoesStar-EurAsia-2023” 14-xalqaro koʼrgazmasi doirasida charm-poyabzal sanoatining xorijiy mutaxassislari ishtirokida turli tadbirlar oʼtkazilmoqda. Koʼrgazma dasturidan “Charm-poyabzal mahsulotlarini tashqi bozorda samarali sotish yoʼllari: davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash, bojxona, logistika, milliy bozor xususiyatlari” mavzusidagi xalqaro davra suhbati alohida oʼrin egalladi.
Oʼzbekiston, Rossiya, Latviya va Janubiy Аfrikadan kelgan mutaxassislardan iborat ekspertlar tarkibi tadbir ishtirokchilari boʼldi. Davra suhbatida soʼzga chiqqanlar xorijda charm-poyabzal mahsulotlari savdosining oʼziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda korxonalarning tashqi bozorga chiqishi, eksporter korxonalarga qoʼyiladigan talablarga rioya etilishi va “white label” yorligʼi asosida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish masalalari yuzasidan ishtirokchilar oʼz tajriba va bilimlarini oʼrtoqlashdi. Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati tomonidan Oʼzbekiston charm- sanoati yutuqlari va sohaning mavjud salohiyati, mamlakatimizda investorlarga koʼrsatilayotgan davlat koʼmagi haqida maʼlumot berildi.
Poyabzalchilar milliy uyushmasi hamda Rossiya Federatsiyasi koʼnchilar va poyabzalchilar uyushmasi rahbarlari mamlakat hududiga olib kirilayotgan poyabzal va charm mahsulotlariga qoʼyiladigan mavjud talablar, yorliqlash tizimi haqida soʼzlab berdi. Maxsus himoya vositalari assotsiatsiyasi prezidenti oʼz nutqida maxsus poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bozorining oʼziga xos xususiyatlari toʼgʼrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Oʼzbekiston-Latviya savdo uyi bosh direktori Latviyaga eksportni kengaytirish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Bundan tashqari, maʼruzachi tashkilot faoliyati, eksport shartnomalarini tayyorlashda tadbirkorlarga koʼrsatilayotgan koʼmak haqida toʼxtalib oʼtdi.
Janubiy Аfrika poyabzal va charm eksportchilari kengashi ijrochi direktori, oʼz navbatida, Аfrika qitʼasi bozorlariga samarali kirish, import tuzilmasi va talab qilinadigan sifat sertifikatlari borasidagi bilim va tajribasi bilan oʼrtoqlashdi.
Uzcharmsanoat