Oʼzbekiston-Rossiya: Hamkorlik yangi bosqichda davom etadi

06.10.2023

Oʼzbekiston-Rossiya: Hamkorlik yangi bosqichda davom etadi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi oldidan 2023 yil 4 oktyabrь kuni Oʼzbekiston-Rossiya uchinchi hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning 12 ta viloyatidan Rossiyaning 19 ta hududidan 700 dan ziyod biznes doira vakillari, ishbilarmonlar, uyushma rahbarlari, birlashmalar ishtirok etdi. Tashrif oldidan tashkil etilgan forumda Oʼzbekiston hukumati delegatsiyasi safida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi F.Boboev ham Tatariston poytaxti Qozon shahriga tashrif buyurib, Rossiya charm-poyabzal va moʼyna sanoatining yirik kompaniyalari, korxonalar rahbarlari bilan muloqotlar va muzokaralar oʼtkazdi.

Xususan, uyushma raisi F.Boboev Tatariston Respublikasi sanoat va ishlab chiqaruvchilar uyushmasi Bosh direktori P.Paxomov bilan muzokara oʼtkazdi. Muloqotda Oʼzbekiston va Tatariston oʼrtasida charm-poyabzal sohasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalasi, istiqboldagi rejalar muhokama etildi. Shuningdek, ayni yoʼnalishda Tatariston Respublikasi kapitali asosida yangi korxonalarni barpo etish boʼyicha fikr almashildi. Kooperatsiya aloqalarini yoʼlga qoʼyish orqali savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqsh boʼyicha takliflar koʼrib chiqildi.

Shuningdek, “Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo “Ravon Tarakkiyot Orzusi" MChJ va "Аmira Tekstilь" MChJ hamda “BАRS” kompaniyasi oʼrtasida muzokaralar boʼlib oʼtdi. Uchrashuvda Tataristonga mamlakatimizda charm va rezinadan ishlab chiqarilgan poyabzallarni yetkazib berish boʼyicha hamkorlikni yoʼlga qoʼyish masalasi koʼrib chiqildi.

 Oʼzbekiston-Rossiya uchinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Tatariston Respublikasi savdo-sanoat palatalasi oʼrtasida charm-poyabzal va moʼynachilik sohalarida savdo-iqtisodiy aloqlarni rivojlantirish, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish boʼyicha memorandum imzolandi.

Uyushma raisi F.Boboev hamda Tatariston Respublikasi sanoat va savdo vaziri oʼrinbosari L.G.Yanov bilan ikki tomonlama uchrashuv boʼlib oʼtdi. Unda Tataristonda Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlari savdosini kengaytirish masalasi muhokama etildi. Shuningdek, qoʼshma loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishning istiqbollari, eksport-import masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

 Uchrashuv yakunida Rossiya tomoni mamlakatimiz charm-poyabzal korxonalarining chakana savdo doʼkonlarini tashkil etishi uchun savdo nuqtalarini ajratadigan boʼldi.

 

Uzcharmsanoat