Oʼzbekiston-Turkiya: Charmsanoat sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik qiladi

18.10.2023

Oʼzbekiston-Turkiya: Charmsanoat sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik qiladi

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV charm, poyabzal, attorlik, moʼyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar xalqaro koʼrgazmasi doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Turkiya poyabzal aksessuarlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (AYSAD) va Turkiya poyabzal tadqiqot va taʼlim jamgʼarmasi (TASEV), “Artkim Fuarcilik” tashkilotlarining rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqotda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Oʼzbekiston charm-poyabzal tarmogʼining bugungi xolati, keyingi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohot va oʼzgarishlar, davlat va tijorat banklari koʼmagida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli investisiya dasturlariga atroflicha toʼxtalib oʼtdi. Tarmoq ishlab chiqaruvchilariga berilgan soliq va bojxona imtiyozlari va preferentsiyalar, charm-poyabzal sanoatida kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar toʼgʼrisida maʼlumot berdi.

Turkiyalik tadbirkorlarning mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatida sarmoyaviy ishtiroki masalalariga alohida toʼxtalib oʼtildi. Аyni paytda bir qator investorlar qoʼshma ishlab chiqarishlar yaratishga sarmoya kiritishga tayyor. 

Turkiya poyabzal tadqiqot va taʼlim jamgʼarmasi (TASEV) bilan Oʼzbekistonda kadrlar tayyorlash masalasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʼyicha takliflar koʼrib chiqildi. Oʼzbekiston tomoni ikki yoʼnalishda kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish boʼyicha oʼz tashabbuslarini bildirdi. 

Birinchi yoʼnalishda yurtimizdagi charmsanoat sohasi uchun mutaxasisslarni tayyorlovchi beshta oliy taʼlim muassasalari talabalarini qoʼshma taʼlim dasturlari asosida oʼqitish boʼyicha ishlar olib boriladi. Ikkinchi yoʼnalishda esa korxonalardagi mutaxasisslarni malkasini oshirish boʼyicha taʼlim dasturlarini ishlab chiqish nazarda tutilgan. 

Turkiya poyabzal tadqiqot va taʼlim jamgʼarmasi bu borada Oʼzbekistonga koʼmakchi boʼlishga tayyor ekanligini maʼlum qilib, eng avvalo Uyushma rahbariyatini Turkiyaga taklif qildi. Taʼlim berish jarayonlari bilan yaqindan tanishuvdan soʼng ishlab chiqilgan yoʼl xaritasiga asosan ishlar olib borilishini maʼlum qildi.

Uchrashuvda taʼlim sohasida hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama etib olindi.

Uzcharmsanoat