"BERKEMANN" O'ZBEKISTONDA POYABZAL ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETDI

17.10.2023

"BERKEMANN" O'ZBEKISTONDA POYABZAL ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETDI

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV Xalqaro charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi doirasida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilmoqda. Uyushma raisi Faxriddin Boboyev va Germaniyaning "BERKEMANN" kompaniyasi boshqaruvchi direktori Tomas Bauerfeynd o'rtasida navbatdagi muloqot bo'lib o'tdi.

Ma’lumot uchun, BERKEMANN – eng zamonaviy texnologiyalar va materiallardan foydalangan holda yuqori sifatli qulay ortopedik poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha 135 yildan ortiq tajribaga ega jahon ishlab chiqaruvchisi sanaladi.

Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonda brend poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining tafsilotlarini muhokama qildilar. Nemis kompaniyasi rahbari soʻzlariga koʻra, pandemiyadan oldin kompaniyaning 25 ga yaqin davlatda ishlab chiqarish quvvatlari boʻlgan. Endi kompaniya o'z mahsulotlarini Vengriya va Xorvatiyadagi zavodlarda ishlab chiqaradi. Ayni paytda kompaniya o'z mahsulotlarini O'zbekistonda ishlab chiqarishni tashkil etishni maqsad qilgan.

Qulay logistika, yetarli miqdordagi xomashyo, malakali kadrlar va rivojlangan ishlab chiqarish infratuzilmasi, davlat tomonidan xorijiy investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani nemis ishlab chiqaruvchilarini O‘zbekistonga jalb qildi.

Birinchi bosqichda korxona bu yerda poyabzal blankalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirib, keyinchalik tayyor poyabzal ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. "BERKEMANN"ning maqsadi iloji boricha ko'proq mahsulot ishlab chiqarishdir. Hozir Germaniya tomoni O‘zbekistondan hamkor izlamoqda.

Shu maqsadda ko‘rgazma doirasida investor uchun korxonalarga biznes-turlar tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan B2B muzokaralar olib boriladi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi kompaniyaga loyihaning barcha bosqichlarida yordam berishini ma`lum qildi.

Tomonlar 2 oy ichida nemis ishlab chiqaruvchisining O‘zbekistonga navbatdagi biznes missiyasini tashkil etishga kelishib oldilar.

Uzcharmsanoat