TOSHKENT VILOYATIDA KICHIK SANOAT ZONALARINI TASHKIL ETISH BOʼYICHA ISHLAR BOSHLANDI

23.01.2023

TOSHKENT VILOYATIDA KICHIK SANOAT ZONALARINI TASHKIL ETISH BOʼYICHA ISHLAR BOSHLANDI

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 fevraldagi “Charm-poyabzal va moʼynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʼllab-quvvatlashga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-143-sonli qarori bilan 2026 yilga qadar sohada tayyor mahsulotlar hajmini 2,8 barobarga oshirish belgilab berilgan. Аyni maqsadlarga esa albatta respublika hududlarida terini qayta ishlashga hamda tayyor charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish orqali erishiladi. Shu maqsadda davlat rahbarining ushbu qarori bilan Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlarning tuman (shahar)larida KSZ tashkil etish boʼyicha “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va tegishli mutasaddi tashkilotlar oldiga vazifalar yuklatilgan.

Belgilangan topshiriqlar ijrosini samarali va oʼz vaqtida taʼminlash maqsadida Uyushma tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birga tegishli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Ohangaron tumanlarida sohaga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish maqsadida ajratilgan yer uchastkalarining konturlari belgilanib, investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 yanvardagi “Paxta-toʼqimachilik klasterlari faoliyatini qoʼllab-quvvatlash, toʼqimachilik vatikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni bilan Аndijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida toʼqimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari hamda Toshkent viloyatida toʼqimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnoparklar uchun ajratilgan yer maydonlarining konturlari belgilab berildi. Ushbu farmonga asosan charm-poybazal va moʼyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan KSZ tashkil etish boʼyicha Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi «Qursoy» va «Nurli zamin» MFY hududidan 30 gektar maydon ajratilib, yer uchastkalarining konturlari belgilab olindi.

Mazkur tumanda tashkil etiladigan KSZda umumiy qiymati 45,5 mln dollar boʼlgan 17 ta investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Buning natijasida qoʼshimcha 1 320 ta yangi ish oʼrinlari yaratiladi. Mazkur kichik sanoat zonasida yuqori qoʼshilgan qiymatga ega tayyor charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar ishga tushiriladi. Shuningdek, mahsulotlarining asosiy qismini eksportga yoʼnaltirish rejalashtirilmoqda.

Vazirlar mahkamasining 2022 yil 26 dekabrdagi Toshkent viloyatining sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda toʼgʼridan-toʼgʼri investitsiyalarni jalb etish maqsadida qabul qilingan Farmoyishiga asosan Ohangaron tumanining “Ubayd” MFY hududidan 15,5 gektar yer maydoni sohaga ixtisoslashtirilgan navbatldagi KSZsini tashkil etish uchun ajratildi.

Bu yerda umumiy qiymati 23 mln. dollarlik 10 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida 1100 ta yangi ish oʼrinlari yaratilishi kutilmoqda. Ushbu tashkil etiladigan KSZda teri xom-ashyosini chuqur qayta ishlash hamda tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar ishga tushiriladi.

Uyushma vakillari hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan Toshkent viloyatidagi har ikki tumanda tashkil etilayotgan KSZda oʼz loyihalarini amalga oshirish maqsadida boʼlgan tadbirkorlik subʼektlari bilan muloqotlar oʼtkazilib, KSZdan yer uchaskasini olish, loyihalarni joylashtirish va amalga oshirish boʼyicha targʼibot tadbirlari oʼtkazilmoqda.

Maʼlumot oʼrnida qayd etish kerak, charm-poyabzal sohasida tashkil etilayotgan KSZlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun 2022-2023 yillarda Oʼzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida mazkur maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʼlar hisobidan 90 mlrd soʼm mablagʼ ajratiladi.

Loyiha-smeta hujjatlariga asosan tashqi infratuzilmani qurish-taʼmirlash uchun mablagʼlar yetishmagan loyihalar boʼyicha ularni qurish-taʼmirlash bilan bogʼliq qoʼshimcha xarajatlar, xususan elektr energiya va gaz tarmoqlari boʼyicha - "Hududiy elektr tarmoqlari" АJ va uning hududiy filiallari hamda "Hududgaztaʼminot" АJning oʼz mablagʼlar xisobiga amalga oshirladi.

Ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yoʼllari boʼyicha - Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining qarorlariga asosan tegishlilik boʼyicha Qoraqalpogʼiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʼshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

Uzcharmsanoat