O‘ZBEKISTON-XITOY: IQTISODIY RIVOJLANISH YO‘LIDA

14.09.2022

O‘ZBEKISTON-XITOY: IQTISODIY RIVOJLANISH YO‘LIDA

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalar “Charm, poyabzal materiallari, charm mahsulotlar va poyabzal uskunalari-2022” 26-Xitoy  xalqaro ko‘rgazmasi (Venchjou)  doirasida “O‘zbekiston -Xitoy o‘rtasida charm-poyabzal sanoati sohasida hamkorlik” mavzusida bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirok etdi. Anjuman O‘zbekistonning XXRdagi elchixonasi va Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (CCPIT) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan  tadbir, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni yaratadi. Strategik hamkorlikni mustahkamlash va Xitoydan mamlakatimizga sarmoyalarni keng jalb etishga xizmat qiladi. 

Maʼlumot uchun: Xitoyning charm-poyabzal sanoati poytaxti – Venchjou shahrida  charm, poyabzal materiallari va poyabzal uskunalari 26-Xitoy xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu tadbir charm-poyabzal sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilari va brendlarini birlashtiradi. Ayni yo‘nalishda katta miqyosga ega anjuman sanaladi. Tadbir eksponentlar va tashrif buyuruvchilarga nafaqat butun ishlab chiqarish zanjiri bilan tanishish, yangi mahsulotlar, texnologiyalar va uskunalarni namoyish etmoqda. Shuningdek, bozorning asosiy tendensiyalari haqida batafsil maʼlumot berish imkoniyatini beradi.

Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (CCPIT) bilan birgalikda XXR bozoriga mahalliy charm va teri mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida 26-chi Xitoy (Venchjou) charm, poyabzal materiallari va poyabzal uskunalari xalqaro ko‘rgazmasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalarning jamoaviy stendi bilan ishtirok etadi. 42 kv.m. bo‘lgan milliy stendda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlar, poyabzal, charm-attorlik buyumlari, xom ashyo naʼmunlari ishtirokchilarga taqdim etiladi.

Onlayn muloqotda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan mamlakatimiz charm-poyabzal va mo‘yna sanoati korxonalarining ishlab chiqarish va sarmoyaviy salohiyati, eksport ko‘rsatkichlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, davlat tomonidan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida ham batafsil maʼlumot berildi. Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan charm-poyabzal va mo‘yna sanoati korxonalari faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari, mahalliylashtirish dasturi va xalqaro hamkorlik haqida ham so‘z yuritildi.

Anjumanda ikki davlat o‘rtasida charm-poyabzal va mo‘yna sanoati sohasida hamkorlikni yana-da mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va eksport aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi charm-poyabzal, mo‘yna sanoati sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator tashkiliy-amaliy masalalar ham muhokama qilindi.

Uzcharmsanoat