OCHIQ MULOQOT: MUAMMO VA YECHIMLAR BIR MAYDONDA

11.08.2022

OCHIQ MULOQOT: MUAMMO VA YECHIMLAR BIR MAYDONDA

2022 yil 11 avgust kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasining charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida faoliyat yurituvchi tabirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 35 ta vazirlik, idoralar va tashkilotla vakillari 150 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ushbu tadbir avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan joriy yil avgust oyida o‘tkazilishi mo‘ljallangan ochiq muloqotiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilgan.


Keng jamoatchilikka maʼlumki, 2021 yil 20 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ilk marta ochiq muloqoti bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda kelib tushgan 15 mingdan ortiq taklif va savollar tizimlashtirilgan, shuningdek, masalalarni hal etish borasida Davlat rahbarining qarorlari qabul qilingan. Prezident mazkur uchrashuvda 20 avgustni “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilgan bo‘lib, shu munosabat bilan har yili ushbu sanada biznes vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazish taklifini bildirgandi.

Yuqorida taʼkidlanganidek, joriy yil avgust oyida ham Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirga munosib tayyorlanish, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish, sohani yana-da rivojlantirishda samara berishi mumkin bo‘lgan takliflarni umumlashtirish maqsadida “O‘zcharmsanoat” uyushmasida ilgaridan mavjud bo‘lgan Call-markaz orqali va bevosita usullar yordamida murojaatlarni qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha maxsus shtab o‘z faoliyatini izchil tarzda olib bormoqda.


Natijada Uyushmaning mazkur shtabiga 1 000 ga yaqin murojaat va 40 ga yaqin takliflar kelib tushdi. Muammolar o‘rganilib, aksariyati quyi bo‘g‘inlarning o‘zida, tegishli vazirlik, idoralar va tashkilotlar bilan izchil hamkorlikda hal etilishi ustida ishlar olib borilmoqda, shuningdek, taklif va mulohazalarni guruhlashtirgan holda ishonchli axborot to‘plamini shakllantirilayapti.

Bildirilgan muammolar va takliflar tarkibi xususida so‘z ochishdan avval shuni qayd etib o‘tish kerakki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan charm sanoati sohasiga berilayotgan alohida eʼtibor natijasida bugungi kunda iqtisodiyotning ushbu tarmog‘i respublikamizda sanoatning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda va istiqbolda nafaqat respublikada, balki Markaziy Osiyoda “drayver”lardan biri bo‘lishi vazifasi oldinga qo‘yilgan.


Mamlakatimizda charm xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish va yana-da rag‘batlantirish, amalga oshirilgan qo‘llab-quvvatlash choralari natijasida joriy yilda 6,8 trln. co‘mlik yoki o‘sish darajasi o‘tgan yildagiga nisbatan 120 foizlik hajmdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi taʼminlanadi.

Tashqi bozorlarga keng ko‘lamli mahsulotlarni yetkazib berishni taʼminlash maqsadida, tarmoq korxonalarining xalqaro yarmarka-ko‘rgazmalarida ishtiroki taʼminlanib kelinmoqda. Natijada yil oxirigacha 500 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi rejalashtirilgan.


120 ta investitsiya loyihasi doirasida umumiy qiymati 218 mln. dollarlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi, shundan 58 mln.dollarlik qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etadi hamda 65 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shu bilan birga, sohadagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida bir qancha o‘z yechimini topishi kerak bo‘lgan masalalar mavjud bo‘lib, ularning nisbatan ko‘proq savollar bilan murojaat qilinadigan yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni taʼkidlab o‘tish mumkin:

1) investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda tegishli tijorat banklari tomonidan kreditlash talablarining og‘irligi, kredit foizlari yuqoriligi va kreditni qaytirish muddatlari qisqaligi;

2) investitsiya loyihalarini amalga oshirishda infratuzilma sharoitlarini yaratish, yer uchastkalarini auksionga tezkor ravishda qo‘yish va to‘lov miqdorlari yuqoriligi hamda xususiylashtirish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi;

3) mahsulotlarni eksportga jo‘natishda QQSni qaytarish va logistika bilan bog‘liq holatlarga doir tizimli muammolar;


“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashkillashtirilgan, bir qator mutasaddi vazirlik, idoralar, bank va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari qatnashgan, ochiq muloqot chog‘ida turli mavzularda kelib tushadigan takliflar va murojaatlarning ayrimlari shu joyning o‘zida ijobiy xal etildi. Chuqurroq tahlil qilish va alohida ko‘rib chiqish uchun vaqt talab qiladigan masalalar yig‘ilish bayoniga kiritilib, respublika miqyosida ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.

Shu bilan birga, yechimi faqat davlat rahbari darajasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan taklif va mulohazalar Prezident Sh.Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan 20 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqoti uchun savollar ro‘yxatiga kiritish uchun masʼul idoralarga kiritiladi.

Uzcharmsanoat