O'ZBEKISTON CHARM-POYABZAL SANOATIGA HINDISTON INVESTISIYALARI FAOL JALB ETILADI

24.05.2022

O'ZBEKISTON CHARM-POYABZAL SANOATIGA HINDISTON INVESTISIYALARI FAOL JALB ETILADI

“UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi doirasida “O'zcharmsanoat” uyushmasida Hindistonning “Homera tanning industries ltd” kompaniyasi direktori Tariq Rizvan bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

2022 yil 25-27 may kunlarida Toshkentda bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo-2022” ko'rgazmasida “Homera tanning industries ltd” delegasiyasi yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha mahalliy korxonalarimiz bilan muzokaralar o'tkazadi.

Uchrashuvda hindistonlik investorga mamlakatimizda charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qonunchilik bazasi, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, xom ashyo bazasi to'g'risida atroflicha ma'lumot taqdim etildi.

“Homera tanning industries ltd” kompaniyasi direktori joriy yilning aprel oyida “O'zcharmsanoat” uyushmasining Hindistonga amalga oshirgan biznes-missiyasi katta taassurot qoldirganini, mamlakatimizda biznes uchun yaratilgan sharoitlar O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga undaganini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun: “Homera tanning industries ltd” kompaniyasi  Hindistonning Kanpur shahridagi yirik klaster korxonasidir. Bu yerda 6 ta charmni qayta ishlash zavodi, 3 ta mahsulot ishlab chiqarish korxonasi, logistika markazi mavjud. Klasterda 900 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. 35 yillik tarix oralig'ida kompaniya Hindistoning eng yirik klaster korxonasiga aylandi. Jahon brendlarining avtomobilsozligi, mebelsozligi, moda va xavfsizlik sohalari uchun tayyor charm yetkazib beradi. SHuningdek, dunyo bozoriga o'zining keng assortimentdagi poyabzal, charm-attorlik buyumlarini yetkazib beradi.

Uchrashuvda kompaniya direktori O'zbekistonda yangi qo'shma korxonani ochish bo'yicha o'z tashabbusini ham ilgari surdi. Muloqot chog'ida qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar yangi loyihalarni samarali yo'lga qo'yish uchun xizmat qiladi. 

Uchrashuv davomida mazkur tashabusni amalga oshirish bo'yicha “O'zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tayyor investisiya loyihalari yuzasidan takliflar taqdim etildi.

Uzcharmsanoat