CHARMSANOAT SOHASIDA TA’LIM VA AMALIYOT INTEGRATSIYASI

30.04.2022

CHARMSANOAT SOHASIDA TA’LIM VA AMALIYOT INTEGRATSIYASI

Oliy taʼlim mazmunini bevosita korxonalar va muassasalardagi texnika, texnologiya, ishlab chiqarish munosabatlariga hamda istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, shuningdek, ishlab chiqarish, taʼlim va fanning oʻzaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitni shakllantirish kabi tamoyillarda oʻz aksini topadigan, davlatimiz siyosatining muhim bir qismlari sifatida ahamiyat kasb etadigan oʻzaro jarayonlar boʻyicha “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda taʼlim va fan muassasalari oʻrtasidagi uzviy aloqalar va anʼanalar yangi bosqichlarda izchil davom ettirilmoqda.


Mazkur aloqalar amaliyotiga misol tariqasida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat intituti murojaatiga binoan Uyushma amaliy yordami bilan 2022-yil 27-aprelda Sirdaryo viloyatidagi Oʻzbekiston-Xitoy “Peng-Sheng” qoʻshma korxonasiga ushbu oliy taʼlim muassasasining “Charm buyumlarini konstruksiyalash va texnologiyasi” kafedrasi professor-oʻqituvchilari va talabalaridan iborat guruhning maxsus tur shaklidagi tashrifi tashkil etilganligini taʼkidlab oʻtish mumkin.


Yoshlarga xos joʻshqin va zavqli ruhda boʻlib oʻtgan ushbu tashrif aynan “Peng-Sheng” qoʻshma korxonasiga tashkil etilganligi ham bejizga emas. Maʼlumki, ushbu qoʻshma korxona mamlakatimiz miqyosida tayyor va yarim tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar safida eng yirik va salohiyatli subyektlardan biri hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, mahsulotlarining salmoqli qismi chet elga eksport qilinadigan ushbu korxonada dunyo bozoriga sohaga oid tovarlarning eng katta koʻlamini yetkazib beradigan mamlakat – Xitoy Xalq Respublikasida oʻz oʻrniga ega ishlab chiqaruvchilarning vakillari, salohiyatli mutaxassislari, zamonaviy tajribasi elementlari mavjudligi bois mazkur obyekt taʼlim va amaliyot uygʻunligiga xizmat qiluvchi bunday tashriflar uchun ayni muddao hisoblanadi deyish mumkin. 


Ishtirokchilarning eʼtirof etishi boʻyicha kutilganiga nisbatan ham foydali fikr va tajriba almashishlarga maʼlum darajada boy boʻlgan ushbu uchrashuvda sohaning zamonaviy yutuqlarini koʻzdan kechirish va qisqa muddatli amaliy mahoratda bevosita oʻzini sinab koʻrish jarayonlari bilan bir vaqtda muayyan maʼnoda munozarali masalalar boʻyicha muhokamalar ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Tajriba va amaliy bilimga bevosita yoʻnaltirilgan ushbu uchrashuv yakunida “Taʼlim-fan-ishlab chiqarish amaliyoti” tarzidagi integratsiyani faol ravishda, hozirgi kunda va yaqin istiqbolda ahamiyatga ega boʻlgan boshqa dolzarb masalalar oqimiga ham urgʻu qaratgan holda muntazam davom ettirishga kelishib olindi.

Uzcharmsanoat