OʻZBEK CHARM MAHSULOTLARI HINDISTONGA YOʻL OLADI

28.04.2022

OʻZBEK CHARM MAHSULOTLARI HINDISTONGA YOʻL OLADI

“Innoprom-Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi  mamlakatimiz charm-poyabzal sanoati vakillari uchun ham manfaatli muloqotlar maydoni va eksport kelishuvlari uchun qulay platforma boʻldi.

Nufuzli anjuman doirasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Hindistonning “Solar Trans” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot mavzusi Hindistonga  mamlakatimizda tayyorlangan charm-poyabzal mahsulotlarini xususan, yarim tayyor charm (WET-BLUE) eksportini yoʻlga qoʻyishdir. 


Muloqotda Hind kompaniyasi Oʻzbekistonning charm-poyabzal sanoatidagi salohiyati yildan-yilga ortib borayotgani, bugungi kunda sifat jihatdan oʻzbek mahsulotlari yangi bosqichga chiqqanini qayd etdi.  Kompaniya nafaqat Hindistonga balki, Rossiya bozori uchun ham xom ashyo va tayyor mahsulot yetkazib beruvchi savdo uyi sanaladi. Kompaniya vakillari Hindistonlik tadbirkorlarga qoʻy terisining birlamchi qayta ishlangan shaklini (WET-BLUE) yetkazib berish boʻyicha oʻz tashabbusilarini ilgari surdi.


“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bu yoʻnalishda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanligini bildirdi. Mahalliy korxonalarimiz bilan muzokaralar oʻtkazish boʻyicha aniq tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi. Tez kunlarda Oʻzbekistonda tayyorlangan charm mahsulotlar Hindistonga yoʻl oladi.

Uzcharmsanoat