CHARM-POYABZAL SANOATINING RAQAMLI KELAJAGI

28.04.2022

CHARM-POYABZAL SANOATINING RAQAMLI KELAJAGI

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida “BELWEST” xolding kompaniyasining shoʻba korxonasi “LACIT”  bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muhokamalar markazida Oʻzbekiston charm-poyabzal korxonalarida raqamli texnologiyalarni qoʻllash masalasi boʻldi.

Maʼulmot uchun, “LACIT” – yengil sanoat, oflayn-onlayn savdo, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish jarayonlari uchun dasturiy yechimlar ishlab chiquvchi raqamli texnologiyalar laboratoriyasi sanaladi. Robotlashtirish va injiniring sohalarida innovatsiyalarni joriy qiluvchi integrator tizimdir.


Uchrashuvda IT-kompaniya rahbari dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, konsalting va  biznes tahlil, elektron tijorat, raqamli marketing hamda boshqa masalalar yuzasidan mamlakatimiz korxonalariga yangi yechimlarni joriy etish boʻyicha hamkorlik tashabbusini bildirdi. 

Shuningdek, muloqot chogʻida Oʻzbekiston charm-poyabzal korxonalari va “BELWEST” xolding kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha boshqa yoʻnalishlari ham muhokama etildi. Xususan, Belarusga xom ashyo, aksessuarlar va yarim tayyor mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyatlar koʻrib chiqildi.


“BELWEST” tabbiy charmdan ayollar va erkaklar poyabzalini ishlab chiqarish quvvatlari, teri, poyabzal ostki qismlari va qoliplarni modelashtirish va ishlab chiqarish korxonalari, Rossiya va Belarusda rivojlangan  savdo doʻkonlarni oʻz ichiga oladi.  Har yili mavsumiy kolleksiyalar 90 foizga yangilanadi. 1500 tagacha yangi modellar ishlab chiqariladi. Asosiy eʼtibor yuqori sifat, innovatsion yondoshuv, ekologik toza va Yevropa tendensiyalariga qaratilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari “UzCharmExpo 2022” xalqaro koʻrgazmasi doirasida (25-27-may kunlari Toshkent shahri) “LACIT” IT-kompaniyasining raqamli imkoniyatlari taqdimotini oʻtkazishga kelishib oldilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining IT-kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi. “BELWEST” xolding kompaniyasi boshqaruvi rahbariyati bilan korxonalar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Uzcharmsanoat