“Innoprom-Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi “Digital Holding” kompaniyasi bilan Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatini raqamlashtirish sohasida hamkorlik qilish boʻyicha oʻzaro anglashuv toʻgʻrisidagi memarandumni imzoladi.
Memorandum ikki tashkilot oʻrtasida mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatini raqamlashtirish uchun zamonaviy dasturiy taʼminot va texnologik yechimlardan foydalanish borasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Hujjat uyushma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻlgan barcha soha va jaryonlarni kompleks raqamlashtirish va avtomatlashtirish loyihalarini qamrab olgan.
Shuningdek, “Digital Holding” raqamlashtirish sohasida jahon tajribasini oʻzida jamlagan maslahat yordamini koʻrsatadi. Xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini qoʻllagan xolda charm-poyabzal sanoatida meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va yangilashga koʻmaklashadi.
“Digital Holding” Rossiyaning “MegaFon” va “USM” kompaniyalari va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasidagi qoʻshma korxonadir. Kompaniya tarkibiga “Ucell” aloqa operatori, “New Solutions” (sobiq ICS Holding Uzbekistan) va “CRPT Turon” kiradi. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos raqamli infratuzilmani shaklantirishga koʻmaklashadi. Shuningdek, faoliyati maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash, ayrim turdagi tovarlar harakatini nazorat qilish va raqamli yorliqlash sohalariga ilgʻor texnologiya va tizimlarni joriy etishga qaratilgan.
Uzcharmsanoat