“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Yangi Oʻzbekistonni 2022-2026-yillarda rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni chuqur oʻrganish maqsadida Uyushma apparati va hududiy boshqarmalar uchun oʻquv seminari tashkil etildi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan yetti ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida ishlab chiqilgan strategiyani amalga oshirishga doir Davlat dasturi tasdiqlandi.
Seminarda yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushini oshirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,4 barobarga yetkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi. Charm-poyabzal sohasida ham sanoatni har tomonlama rivojlantirish hisobiga ishlab chiqarish quvvatlarini 3,2 barobar oshirish koʻzda tutilgan.
Mamlakatimiz hududlarida 2026-yilgacha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish koʻzda tutilgan. Chunonchi, ushbu davrga kelib tayyor charm ishlab chiqarish hajmi 2,3 barobar, poyabzal 2,8 barobar, charm buyumlar 2,6 barobar, charm kiyimlar 2 barobar, boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 1,3 barobar ortadi.
Strategiyaga koʻra, 2026-yilda eksport hajmini 30 milliard dollarga (2021-yil oxirida – 16,6 milliard dollar), eksportdagi xususiy sektor ulushini esa 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Charm-poyabzal sanoatida ham eksport koʻrsatkichlarini oshirish koʻzda tutilgan. 2026-yilga borib tarmoq korxonalari tomonidan 1,15 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, “Adidas” (Germaniya), “Bogner” (Germaniya), “Bata” (Shveytsariya), “Geox” (Italiya), “Diadora” (Italiya), “Pakerson” (Italiya), “Sasha Fabiani” (Xitoy) kabi jahonga mashhur poyabzal brendlaridan buyurtmalar jalb etish hisobiga 130 million AQSH dollar evaziga poyabzal eksporti taʼminlanadi. Buning uchun mazkur brendlar bilan qator uchrashuvlar oʻtkazish, ularni Oʻzbekiston va mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatining ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishtirish, yirik oʻzbek eksportyorlari bilan muzokaralar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bugun Yangi Oʻzbekiston “Inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlat” gʻoyasi asosida barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ana shu ezgu maqsad asosida xalqimiz yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib borayotganining guvohi boʻlmoqdamiz.
Umuman olganda, seminarda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshishi, bu yoʻlda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishi taʼkidlandi.
Uzcharmsanoat