AYSAF: JORIY KUZ VA QISH MAVSUMINING ASOSIY TENDENSIYALARI

17.11.2022

AYSAF: JORIY KUZ VA QISH MAVSUMINING ASOSIY TENDENSIYALARI

Turkiyaning Istambul shahrida dunyo charm-poyabzal sanoatining eng yirik ko`rgazmasi “AYSAF” o`z faoliyatini boshladi. “O`zcharmsanoat” uyushmasi va unga a`zo korxonalar xalqaro tajribani o`rganish, mahalliy sanoatimizga so`ngi tendensiyalarni qo`llash hamda yangi hamkorlar topish maqsadida mazkur xalqaro ko`rgazmada faol ishtirok etmoqda.

“O`zcharmsanoat” uyushmasi va korxonalarimiz vakillari moda anjumani doirasida Portugaliyaning yirik ko'rgazma tashkilotchisi sanalgan “BridgeExpo” rahbari bilan uchrashuv o'tkazdi. Muloqotda ko`rgazmalar faoliyatida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalasi muhokama etildi. Portugaliya tomoni mahsulotlarimiz sifatiga yuqori baho berib, korxonalarni Portugaliyada bo`lib o`tadigan “InterShoes” ko`rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, uyushma vakillari Portugaliya tomoni bilan 2023 yilning bahorida Toshkentda bo`lib o`tadigan “Uzcharmexpo-ShoesStar-EuroAsia-2023” xalqaro ko`rgazmasida Portugaliya tadbirkorlari ishtirokini ta`minlash borasida fikr almashdi. Qayd etilganidek, YeI, Turkiya, Xitoy va Hindistondan hamkorlarni O`zbekistondagi ko`rgazmaga taklif qilish, pavilionda alohida stendlar bilan ishtirok etish yuzasidan muzokarlar o`tkazildi.

Ma`lumot o`rnida poyabzal ishlab chiqaruvchilar va sanoat uyushmasi (AYSAD) va Artkim yarmarkalar majumuasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro poyabzal sanoati yarmarkasi-AYSAF joriy yilda 82 ta davlatdan 307 ta eksponentni birlashtirdi. Ko`rgazmada 1000 dan ortiq brendlar yangi mahsulotlari bilash ishtirok etmoqda. 2022 yildagi ko`rgazma doirasida kimyo sanoatini tashkil etgan yarmarkalar ham bo`lib o`tmoqda. Yarmarka yangi biznes bitimlarni taqdim etishda kashshof bo'ladi va ishtirokchi kompaniyalarga mahalliy va xorijiy mehmonlar bilan uchrashish imkoniyatini beradi.

Ko`rgazma doirasida poyabzal sanoatining ko`plab yo`nalishlarida faoliyat olib borayotgan xalqaro kompaniyalar bilan muloqotlar o`tkazildi. Shuningdek, ular “Uzcharmexpo-ShoesStar-EuroAsia-2023” xalqaro ko`rgazmasida ishtirok etishga katta qiziqish bildirdi.

“AYSAF” ko'rgazmasi tashkilotchisi “AYSAD” vakillari bilan uchrashuvda ko'rgazmalar faoliyatida hamkorlik qilish masalasi ko`rib chiqildi. Turkiyadagi ko`rgazmalarda to'g'ridan-to'g'ri qulay shartlarda ishtirok etish bo`yicha takliflar o`rganib chiqildi. Tashkilot rahbarlari “UzCharmExpo” ko'rgazmasiga taklif qilindi. “AYSAD” rahbariyati bu borada hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi. Ularga a`zo korxonalar bazasi uyushma vakillariga taqdim etildi.  

Korxonalarimiz esa turli mahorat darslari, taqdimot va seminarlarda ishtirok etib kelgusi yilning so`ngi tendensiyalari bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, soha uchun asbob-uskuna ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar bilan ham uchrashib muzokaralar olib borilmoqda.

Uzcharmsanoat