TURKIYAGA EKSPORT HAJMI ORTMOQDA

11.11.2022

TURKIYAGA EKSPORT HAJMI ORTMOQDA

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Turkiyalik investor, “Balta Deri Sanayi” kompaniyasi asoschisi Erdem Balta bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Balta Deri Sanayi” - Turkiyaning Gaziantepa shahrida joylashgan. Asosiy ish faoliyati “Nappa” va astarli teri ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya O‘zbekiston bilan terining 1 va 2 qayta ishlangan bosqichi ya`ni WET-BLUE hamda KRASTni Turkiyaga eksportini amalga oshirish bo`yicha hamkorlikni maqsad qilgan. Shuningdek, investor charm-poyabzal sanoatining boshqa yo`nalishlariga ham qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda turkiyalik tadbirkorga O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatining bugungi holati, sohaga qator imtiyoz va preferensiyalarni nazarda tutuvchi Prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan so`ngi yillarda qabul qilingan qarorlar haqida to‘liq ma’lumot berildi. Xususan, soliq va bojxona to‘lovlarini yengillashtirish, ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalari tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab ajratilayotgan kredit liniyalari haqida so‘z yuritildi. Bu imkoniyatlarning barchasi mamlakatimizning sarmoyaviy jozibadorligini oshirib, xorijiy investorlarni O‘zbekistonga sarmoya kiritishga ilhomlantirmoqda.

Turkiyalik mehmon Erdem Balta mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti bilan tanishib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga qiziqish bildirdi. Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistondan Turkiyaga yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yarim tayyor charm va tayyor mahsulotlar eksportini amalga oshirish, mamlakatimizda O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasini ochish va boshqa ko‘plab masalalar haqida fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar turk korxonasiga yarim tayyor va tayyor charm mahsulotlari eksportini yo`lga qo`yish boʻyicha kelishib oldilar. Ayni maqsadda 2022 yilning noyabr-dekabr oylarida invesrtor uchun O‘zbekistondagi charm-poyabzal korxonalariga biznes-tur tashkil etiladi.

Uzcharmsanoat