“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va “Toshkent-Nagoya” doʻstlik uyushmasi koʻmagidaYaponiyaning Nagoya shahri tadbirkorlari delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda asosiy eʼtibor sarmoyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yangi loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.
Uchrashuv avvalida Yaponiya delegatsiyasiga “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi faoliyati, unga aʼzo korxonalar va mahsulot turlari, sohaning sarmoyaviy va eksport salohiyati haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, mehmonlarga mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar, Oʻzbekistonda oʻz biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida ham batafsil axborot taqdim etildi.
“Chiikimittyaku Co., Ltd” kompaniyasi rahbari janob Masahiro Nishimura Oʻzbekiston bilan hamkorlikka alohida qiziqish bildirdi. U mamlakatimizga tashrifi chogʻida charm mahsulotlari, xususan, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishganini taʼkidladi. “Angren Charm” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarish jarayoni va tayyorlanayotgan mahsulotlar oʻrganildi. Korxona mutaxassislari Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilarining uskunalari, xomashyo va tayyor mahsulotlarini atroflicha koʻzdan kechirdi.
Maʼlumot uchun: “Chiikimittyaku Co., Ltd” kompaniyasi Londonda joylashgan. U “TOKKOU” brendi ostida mahsulot ishlab chiqaradi. Brend mahsulotlarinnig falsafasi anʼanaviy yapon ildizlariga asoslangan. “TOKKOU”ning zamonaviy dizayni Yaponiya yoshlar subkulturasi “Bosodzoku"dan ilhom oladi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish uchun Yaponiya brendlarini jalb etish, mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda ommalashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Janob Nishimura Yaponiya tomoni Oʻzbekiston korxonalarini terini qayta ishlash boʻyicha zamonaviy yapon texnologiyalari bilan jihozlash, Oʻzbekiston korxonalarida texnologlar malakasini oshirishda koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Uzcharmsanoat