Joriy yilning 18-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida charm-poyabzal sanoatining bugungi holati va uni yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida Uyushma rahbariyati joriy ishlab chiqarish va eksport hajmining koʻrsatkichlari, shu yilda amalga oshirilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiyaviy loyihalar hamda yaratilayotgan ish oʻrinlari haqida maʼlumot berdi. Jumladan, soha korxonalari tomonidan 2021-yilda umumiy qiymati 4,4 trln. soʻmga teng boʻlgan mahsulot ishlab chiqarildi, 423 mln. dollar hajmida tovarlar eksport qilindi, 202 mln. dollarga teng investitsiyalar jalb etildi, ulardan 76 mln. dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2 trln. soʻmlik mahsulotlar yaratildi. Loyihalarni amalga oshirish hisobiga joriy yilda jami 11,2 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.
Charm, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi holat hamda Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini eksport qilishning istiqbolli yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi. Joriy yilda va oʻrta muddatli istiqbolda investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va eksport qilishning maqsadli koʻrsatkichlari taqdim etildi. Asosiylari orasida 2022-yil oxiriga borib, ishlab chiqarish hajmlarini 4,8 trln. soʻmgacha yetkazish va 450 mln. dollar qiymatidagi tovarlar eksportiga erishishdir. Shuningdek, umumiy qiymati 214 mln. dollarga teng boʻlgan 49 ta loyiha amalga oshirilishi va 12,5 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, xom ashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, eksport salohiyatini yuksaltirish va mahalliy charm, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Tarmoqda importni tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratish hamda ishlab chiqarishda foydalaniladigan va import qilinadigan uskunalar, butlovchi qismlar va kimyoviy moddalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha takliflarni shakllantirish topshirildi.
Xalqaro sanoat koʻrgazmalarida ishtirok etish uchun mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining keng doirasini jalb qilish, shuningdek, tashqi bozorlarga mahalliy mahsulotlarni ilgari surish maqsadida chet elda biznes-missiyalar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, soha uchun kadrlar tayyorlash va mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar ishchilarining malakasini oshirish boʻyicha harakatlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Uyushma vakillari sohani yanada rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflarini bildirdilar. Bular sirasiga investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini qoʻllash, xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb etish, mavjud ishlab chiqarish obyektlarini modernizatsiya qilish va ularning atrof-muhit uchun xavfsizligini taʼminlash, tegishli texnik jihatdan tartibga solish mexanizmlarini joriy etish va boshqa chora-tadbirlar kiradi. Ushbu takliflar atroflicha oʻrganib chiqildi hamda ularni takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha sohani yanada rivojlantirish va maqsadli koʻrsatkichlarga oʻz vaqtida erishishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
MANBAA: Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo Vazirligi
Uzcharmsanoat