SUNʼIY MOʻYNA ISHLAB CHIQARISH SOHASIDA HAMKORLIK

17.12.2021

SUNʼIY MOʻYNA ISHLAB CHIQARISH SOHASIDA HAMKORLIK

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida “TATA SHOES GROUP” MCHJ tasischisi Xitoylik investor WANG NAIHE bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda Xitoylik investorning yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida uyushma rahbariyati tomonidan Xitoylik investorga charm-poyabzal va moʻynachilik sohasiga oid qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgarishlar va sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyozlar xususida yana bir bor  batafsil maʼlumot berildi.

Malumot oʻrnida qayd etish kerak, “TATA SHOES GROUP” MCHJ 2020-yilda Toshkent viloyatida yangi korxonani ishga tushirgan. Har xil turdagi ayollar va bolalar poyabzallarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Loyihaning qiymati 8 mln. AQSH dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni tashkil etadi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 1500 ming juftni tashkil qiladi; 100 foiz mahalliylashtirish darajasiga ega.

Muloqotda korxona rahbari WANG NAIHE “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi  tomonidan xorijiy sarmoyadorlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning faoliyatini yanada kengaytirish borasida koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak sabab yangi loyihani amalga oshirish maqsadida ekanligini bildirdi.

Yangi loyiha poyabzallar uchun “Sunʼiy moʻyna” mahsulotlarini ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Loyihaning qiymati 5 mln. AQSH dollar boʻlib toʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritilishi rejalashtirilgan. Yangi loyiha ishga tushishi bilan yiliga 2 ming tonna sunʼiy moʻyna ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Mahsulotlar 100 foiz mahalliylashtiriladi. Yangi korxonani 2022-yilning  dekabr oyida Andijon viloyatida ishga tushirish rejalashtirilgan. Yangi korxonani qurish maqsadida zarur yer maydonlarini ajratish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi hamda Andijon viloyati hokimligiga taklif bildirildi.

Bundan tashqari uchrashuvda Xitoylik investor Oʻzbekistonga Xitoydan poyabzal mahsulotlari uchun xom-ashyolar, butlovchi mahsulotlar, har xil furnituralar kabi xom-ashyolarni import qilish borasida ham oʻz takliflarini bildirdi. Eksport-import masalalarida oʻzaro fikr almashildi. Andijon viloyatida yangi “Savdo markazi”ni ochish boʻyicha sarmoyador bilan muloqot oʻtkazildi.

Uchrashuv soʻngida hamkorlikning kelgusi istiqbollari atroflicha muhokama etildi.

Uzcharmsanoat