“UzCharmExpo-2026”: 50 mln AQSh dollarlik eksport shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish yo‘lida muhim qadam
Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” MKKda “UzCharmExpo-2026” 21-xalqaro charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ko‘rgazma-yarmarkasi “Heimtextil”, “Apparel Sourcing” va “Texworld” xalqaro ko‘rgazmalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
30 dan ortiq davlatdan 70 ga yaqin xorijiy kompaniya va tashkilot ishtirok etgan ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini namoyish etish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Ko‘rgazmada 1 500 dan ortiq tashrif buyuruvchiga charm va sun’iy charm, poyabzal materiallari, aksessuarlar, tagliklar, yelimlar, to‘qimachilik furniturasi va boshqa turdagi mahsulotlarning 1 000 dan ortiq turi hamda 100 ga yaqin yangi mahsulot namunalari namoyish etildi.
Tadbir doirasida Germaniya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Hindiston va boshqa davlatlar vakillari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Germaniyaning LiCON MT GmbH & Co. KG va LiCon GmbH kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida O‘zbekistonda terini qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi loyihani amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.
Mahalliy va xorijiy korxonalar o‘rtasida charm, poyabzal, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarni yetkazib berish hamda eksport qilish bo‘yicha muzokaralar natijasida dastlabki bosqichda umumiy qiymati 50 mln AQSh dollariga teng eksport shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish yuzasidan ishlar olib borildi.
“UzCharmExpo-2026” O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatining xalqaro hamkorligini mustahkamlash, mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish va tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Uzcharmsanoat