Biz haqimizda

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasining tashkil etilishi tarixi haqida MAʼLUMOT
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 23-fevraldagi
PF-2552-sonli “Respublika iqtisodiyotining charm-poyabzal tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, “Oʻzbek charmi” aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzbekengilsanoat” uyushmasi tarkibidan chiqarilib, “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi etib qayta tashkil qilingan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi
PQ−3693-sonli “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan, “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi uning tarkibiga charm, moʻyna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda kirgan holda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb yuritiladi) etib qayta tashkil etildi.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.

Quyidagilar Uyushma faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilandi:

Uyushma aʼzolari — tashkilotlarning xoʻjalik faoliyatiga chorva mollarini soʻyish va teri tayyorlashdan xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda charm-poyabzal, charm-attorlik, moʻyna, qorakoʻl va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonning barcha bosqichlarida koʻmaklashish;
korxonalarda ilgʻor texnologiyalarni, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimini tatbiq etishni ragʻbatlantirish, Uyushma aʼzolari — tashkilotlarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga har tomonlama koʻmaklashish;
talabi yuqori boʻlgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan import oʻrnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar bilan toʻldirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani, jumladan, charm, moʻyna xom ashyosi va junni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, shuningdek, chorvachilik xoʻjaliklari, furnitura va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
charm-poyabzal, moʻyna, qorakoʻl mahsulotlari hamda jundan ishlangan buyumlar segmentlarida ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish, tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirishni qoʻllab-quvvatlash, modellashtirish va brendlash boʻyicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilgʻor axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish;
malakali kadrlar tayyorlash va tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni xom ashyo va materiallarning ekologik toza turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish, taʼlim va fanning oʻzaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
Uyushma aʼzolari — tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar oʻtkazish jarayonida, shuningdek, sudlarda ishlarni koʻrishda himoya qilish.

Uzcharmsanoat