JICA: OʼZBEKISTON CHARM SANOATIGA “MINI GRANT LOYIHALAR” DASTURI DOIRASIDA MABLAGʼLAR YOʼNALTIRILADI

26.01.2024

JICA: OʼZBEKISTON CHARM SANOATIGA “MINI GRANT LOYIHALAR” DASTURI DOIRASIDA MABLAGʼLAR YOʼNALTIRILADI

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev 24-yanvar kuni Yaponiyaning Tokio shahrida Yaponiya xalqaro hamkorlik aganetligi (JICA) rahbariyati bilan muloqot oʼtkazdi. Muloqotda “JICA”ning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda agentlikning “Mini grant loyihalar” dasturi doirasida Oʼzbekiston charmsanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari muhokama etildi.

Dastlab, Yaponiya tomoniga Uyushma raisi mamlakatimiz charm sanoati tarmogʼida soʼngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, qonunchilik bazasi, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, kadrlar tayyorlash masalasida “JICA” talablariga mos keluvchi dasturlar yuzasidan taqdimot oʼtkazdi.

Maʼlumot uchun: “Mini grant loyihalar” dasturi doirasida “JICA”ning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan kadrlar tayyorlash yoʼnalishida oʼquv kurslari moliyalashtiriladi. Sanoat, transport, energetika, sogʼliqni saqlash, qishloq xoʼjaligi sohalari uchun raqbotbardosh kadrlar tayyorlashga koʼmaklashadi.

Muloqot davomida “JICA” vakillari baliqchilik va charmsanoat tarmoqlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish va dasturlar uchun mini grantlar ajratishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Аgentlikning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi uchta yoʼnalishda moliyalashtirishni amalga oshirishini maʼlum qildi.

Birinchi yoʼnalishda tarmoqda faoliyat koʼrstatayotgan korxonalar va ularning ishchi-mehnatchilari uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli oʼquv kursalariga grant mablagʼlarini yoʼnaltiradi. Shuningdek, turli xalqaro konferensiya, “Workshop”larni oʼtkakzishda moliyaviy koʼmak koʼrsatadi.

Ikkinchi yoʼnalish sohani targʼibotini xalqaro maydonda kengroq amalga oshirish uchun tayyorlangan taxliliy maʼlumotlarni grant asosida xalqaro jurnal va taxliliy saytlarga joylashtirishni oʼz ichiga oladi.

Uchinchi yoʼnalishda esa kichik biznes subʼektlari uchun maʼlum summadagi uskunalarni xarid qilish boʼyicha mablagʼ ajratadi.

Muzokaralar natijasida 2024 yilda ushbu yoʼnalishlarda “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va “JICA”ning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi hamkorlikni amalga oshiradigan boʼldi. Shuningdek, charmsanoat sohasidagi korxonalar uchun xalqaro sertifikatlarni joriy qilishni moliyalashtirish masalasida ham atroflicha fikr almashildi. Аgentlik bu borada maxsus dasturlar doirasida amaliy koʼmak koʼrsatishga tayyor ekanligini bildirib oʼtdi.

Uzcharmsanoat