Sanoat zonalarini rivojlantirishda Xitoy tajribasi

22.01.2024

Sanoat zonalarini rivojlantirishda Xitoy tajribasi

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining XXRga amalga oshirgan ishchi tashrifining navbatdagi kunida Uyushma delegatlari Jinjiang xalqaro poyabzal va toʼqimachilik shaharchasiga tashrif buyurib, bu yerda Jinjiang poyabzal uskunalari palatasi vakillari bilan muzokara oʼtkazdi. Muloqot mavzusi ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini rivojlantirish va loyihalarni joylashtirishda Xitoy tajribasini oʼrganish, Xitoy kompaniyalari sarmoyasini Oʼzbekistonga jalb etish masalasi boʼldi.

 Jinjiang xalqaro poyabzal va toʼqimachilik shaharchasi mazkur hududdagi ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlarini muntazam ravishda xorijiy hamkorlarga taqdim etib boruvchi shou-rumlar, dizayn markazlari, savdo doʼkonlaridan iborat katta bir kompleks sanaladi.

 Sanoat shaharchasi bilan tanishuv jarayonida Oʼzbekistonda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini yanada rivojlantirish, loyihalarni joylashtirish boʼyicha oʼzaro tajriba almashildi.

Shu yerning oʼzida Jingjiang shahridagi charmsanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bilan muloqotlar tashkil etildi. Dastlab uyushma delegatlari Xitoy tomoniga mamlakatimiz charm sanoatidagi islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport koʼrsatkichlari toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, mahalliy korxonalarimizning ish faoliyatiga oid taqdimotlar oʼtkazdi.

 Muloqotda Xitoy kompaniyasi sunniy charm ishlab chiqarish boʼyicha invest loyihani Oʼzbekistonda boshlash tashabbusini bildirdi. Kompaniya rahbarining soʼzlariga koʼra Oʼzbekiston hukumati tomonidan xorijiy sarmoyadorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, preferentsiyalar bunga sabab boʼlgan.

 Shuningdek, mahalliy korxonalarimiz bilan aprel oyida Jinjiangda boʼlib oʼtadigan xalqaro poyabzal koʼrgazmasida bevosita uchrashib, hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyishga katta qiziqish bildirildi.

Uzcharmsanoat