OʼZBEKISTON CHАRMSАNОАTI YUTUQLАRI XITOYDА NАMOYISH ETILMOQDА

02.07.2023

OʼZBEKISTON CHАRMSАNОАTI YUTUQLАRI XITOYDА NАMOYISH ETILMOQDА

Xitoy Xalq Respublikasining Venсhjou shahrida “Charm, poyabzal mahsulotlari va poyabzal uskunalari” 26 xalqaro ko’rgazmasi oʼz ishini boshladi. 7 ta pavilionda 20 mingdan ortiq ishtirokchi charmsanoat mahsulotlari yutuqlarini namoyishga qoʼygan. Oʼzbekiston "Markaziy Osiyo yulduzi" sifatida ushbu xalqaro anjumanda ilk bor ishtirok etmoqda.

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda unga aʼzo 15 dan ortiq korxonalar koʼrgazmada jamoaviy stend bilan qatnashmoqda. Ekspozitsiyada mahalliy korxonalarimiz 100 turdagi poyabzal, charm, charm-attorlik, jun mahsulotlarini namoyishga qoʼygan.

Koʼrgazmaning dastlabki kunida Oʼzbekiston delegatsiyasi hamda Xitoy charmsanoat uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqotda hamkorlikning hozirgi holati, kelgusi istiqbollari muhokama qilindi. Birgalikda Oʼzbek-Xitoy qoʼshma loyihalarini tez fursatlarda amalga oshirishga doir masalalar koʼrib chiqildi. Shuningdek, mahalliy korxonalarimizni avgust oyida boʼlib oʼtadigan Butun Xitoy charmsanoat koʼrgazmasida ishtirokiga doir tashkiliy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, JACD korporatsiyasi prezidenti, Yangjou universiteti professori Kai Tian Gu bilan uchrashuvda Oʼzbekistonda charmsanoat uchun kimyoviy moddalar asosan tabiy va sun`iy charm uchun boʼyoqlar ishlab chiqarish boʼyicha qoʼshma loyihalarni tashkil qilish boʼyicha taklif oʼrganib chiqildi. Bundan tashqari, charmsanoat yoʼnalishida kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish yuzasidan tashabbuslar muhokama qilib olindi. Joriy oyda universitet vakillari bilan “Oʼzcharmsanoat” uyushmasida uchrashuv boʼlib oʼtishi rejalashtirilgan.

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi koʼrgazma doirasidagi xalqaro forumda ishtirok etdi. Unda mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼyna sanoatining yutuqlari, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati boʼyicha taqdimot oʼtkazildi.

Xalqaro anjuman doirasida mahalliy korxonalarimiz yangi loyihalarni amalga oshirish, eksport shartnomalarini imzolash boʼyicha muzokaralar oʼtkazmoqda.

 

Uzcharmsanoat