“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Qozogʼistonning sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Marat Karaboev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Tashrifdan koʼzlangan maqsad charm-poyabzal sohasidagi mavjud yoʼnalishlarda hamkorlikni kengaytirish va hamkorlikda yangi loyihalarni ishlab chiqishdan iborat.
Muloqotda tomonlar eksport salohiyatini oshirish maqsadida ikki mamlakat korxonalari oʼrtasida kooperatsiya aloqalarini yoʼlga qoʼyish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, Oʼzbekiston va Qozogʼistonda joylashgan kichik sanoat zonalarida kooperatsiya asosida yangi qoʼshma loyihalarni amalga oshirishga eʼtibor qaratildi. Loyihalar, birinchi navbatda, yuqori qoʼshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ishlab chiqarishning toʼliq zanjirini taʼminlashga yoʼnaltiriladi. Ushbu maqsadlar uchun Qozogʼiston tomoni yangi qoʼshma korxonalarni qurish va ishga tushirish uchun milliy valyuta tengeda imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga yillik 3 foizli kredit mablagʼlarini ajratishga tayyorligini bildirib, kreditning imtiyozli muddatini korxonalar tushgunicha etib belgilanishini maʼlum qildi.
Tomonlar Oʼzbekistondan Qozogʼistonga poyabzal yetkazib berish hajmini koʼpaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Birgina oʼtgan yilning oʼzida mamlakatimizdan qoʼshni respublikaga 28 million dollarlik poyabzal yetkazib berildi. Bu taxminan 7,8 million juft poyabzal degani. Oldindagi reja bu raqamlarni yanada oshirish.
Qozogʼiston Respublikasi bilan koʼp qirrali hamkorlikda xom ashyoni qayta ishlash va yuqori qoʼshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyishni oʼz ichiga oladi. Qozogʼiston Respublikasi sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri qoʼshni respublikada yetarlicha katta xomashyo bazasiga ega boʼlishiga qaramasdan, bugungi kunda yirik va mayda shohli qoramol terisini, shuningdek, junni qayta ishlash uchun zarur quvvatlar yetishmasligini taʼkidladi.
Shu tariqa, Qozogʼistondan olingan xom ashyoni Oʼzbekiston korxonalarida chuqur qayta ishlab, undan yuqori qoʼshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarni hamkorlikda ishlab chiqarish taklif etilmoqda. Bu borada mamlakatimizda salmoqli tajriba toʼplangan. Birgina respublikamizda 60 ga yaqin terini qayta ishlash korxonasi mavjud boʼlib, mamlakatimizda yiliga 2 milliard kv.dmdan ortiq charm ishlab chiqariladi.
Yiliga 500 ming tonnadan ortiq jun qayta ishlanadi. Bu koʼrsatkichlarni, Qozogʼistondan keltirilgan xom ashyo hisobiga yanada oshirish imkoniyati mavjud. Qoʼshma loyihalarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish ham koʼzda tutilgan. Mahsulotlar hamkorlikda MDH davlatlari va Yevropaga eksport qilinadi.
Uzcharmsanoat