ITАLIYA OʼZBEK CHАRMI EKSPORTNI KENGАYTIRIShNI REJАLАShTIRMOQDА

25.04.2023

ITАLIYA OʼZBEK CHАRMI EKSPORTNI KENGАYTIRIShNI REJАLАShTIRMOQDА

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Italiyaning tashqi savdo va shartnomalar kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Italiya tomoni Oʼzbekiston bilan charm-poyabzal sanoati sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

 Maʼlumot uchun: Italiya Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlarini import qiluvchi yirik davlatlar qatoriga kiradi. Birgina oʼtgan yilning oʼzida Oʼzbekiston Italiyaning charmsanoat korxonalariga 58 million kv.dm. mahsulot yetkazib bergan.

 Аyni paytda Italiya import hajmini oshirish niyatida. Uchrashuvda bu boradagi hamkorlikning istiqbollari koʼrib chiqildi. Shuningdek, Oʼzbekiston charm mahsulotlarining Yevropa bozorlarida ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu jarayonda Italiya asosiy rol oʼynaydi. Mahsulot yetkazib berish uchun oʼziga xos koʼprik boʼlib xizmat qiladi. Rejalarni amalga oshirish uchun hamkorlar Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridagi bir qancha korxonalarda boʼlib, ishlab chiqarish texnologiyalari, mahsulot sifati va mehnat sharoitlari bilan joyida tanishishni rejalashtirgan. Italiya tomoni, ayniqsa, aksessuarlar, avtomobilsozlik va mebelь sanoati uchun tayyor charm mahsulotlariga qiziqish bildirmoqda.

 Tadbirkorlarga sanoatda amalga oshirilayotgan islohotlar va sohani tartibga soluvchi yangilangan qonunchilik bazasi, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Tomonlar Italiya kapitali ishtirokida terini qayta ishlashga qaratilgan qoʼshma korxonani tashkil etish masalasini batafsil koʼrib chiqishdi.

 Hamkorlikning yana bir yoʼnalishi – Oʼzbekistonda soha uchun zarur boʼlgan kadrlar salohiyatiga sarmoya kiritishdir. Uchrashuvda charm-poyabzal sohasida tajriba almashish uchun Italiyadan Oʼzbekistonga mutaxassislarni jalb etish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

 Tomonlar soha uchun alohida-alohida dizaynerlar tayyorlash boʼyicha maxsus dasturlar ishlab chiqish imkoniyatlarini koʼrib chiqdi. Bu borada Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼyish borasida ham ishlar olib borilmoqda.

 Shuningdek, Italiya tomoni "UZCHARM STYLE 2023” poyabzal, aksessuarlar, charm va moʼynali buyumlar yosh dizaynerlari 1-xalqaro tanlovi doirasida italiyalik dizaynerlarning mahorat darslarini oʼtkazadi. Xalqaro tanlovning final bosqichi 2023-yilning sentyabrь oyida boʼlib oʼtadi.

Uzcharmsanoat