Vetnam kompaniyasi Oʼzbekistonda “Issiq qozon vulkanizatsiyasi” texnologiyasi asosida kauchuk taglikli krossovkalar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

07.02.2023

Vetnam kompaniyasi Oʼzbekistonda “Issiq qozon vulkanizatsiyasi” texnologiyasi asosida kauchuk taglikli krossovkalar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hukumat delegatsiyasi tarkibida Vetnam sotsialistik respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad mazkur davlat bilan yangi savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʼlga qoʼyishdir.

Uyushma rahbariyati Vetnamning “Thuong Dinh Pootwear” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori Nguen Van Xim bilan muzokaralar oʼtkazdi. 

Maʼlumot uchun: Korxona 1957 yilda tashkil topgan. Asosiy faoliyat yoʼnalishi barcha turdagi vulkanizatsiyalangan va kanvas poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarishdir. Ayni vaqtda korxonada 6 ta zamonaviy ishlab chiqarish liniyasi, kompyuterlashtirilgan toʼquv dastgohlari mavjud. АJda 1000 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Korxonada oyiga 200 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi.

Shuningdek, poyabzal sanoati uchun moʼljallangan rezina va yelimlar ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblanadi.Muzokaralar uchrashuv stolida boshlanib, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish bilan davom etdi. Uchrashuvda tomonlar bir vaqtning oʼzida bir nechta yoʼnalishlar boʼyicha hamkorlikni koʼrib chiqdi.Birinchi yoʼnalishda korxona talabiga koʼra mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tayyor charm mahsulotlarini yetkazib berish boʼyicha hamkorlik yoʼlga qoʼyiladi. “Thuong Dinh Footwear” АJ shuningdek, Oʼzbekistondan charm yetkazib berish boʼyicha distribyutor sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.

Mahsulotlarni Vetnam charm-poyabzal korxonalariga taqdim etish va tarqatishni koʼzla tutmoqda. Bunday qaror qabul qilishdan avval kompaniya Oʼzbekistondagi “Hamkor Nur”, “Nafis Charm” va “Peng Sheng” kabi turli ishlab chiqaruvchilarning charm mahsulotlari naʼmunalarini oʼrganib chiqadi. Xarajatlar va logistika masalalarini tahlil qiladi. Bu yoʼnalishdagi hamkorlikni muvaffaqiyatli amalga oshirish boʼyicha tomonlar tegishli shartnoma imzolashga kelishib oldilar.

Kun tartibidagi ikkinchi masala – Oʼzbekistonning poyabzal sanoatida qoʼllaniladigan rezina va lateks yelim yetkazib berish boʼyicha hamkorlik yoʼnalishi boʼldi.

“Thuong Dinh Footwear” aksiyadorlik jamiyati ushbu mahsulotlarni dunyodagi eng yirik yetkazib beruvchilaridan biri boʼlib, ularning mahsulotlari Xitoy orqali Oʼzbekistonga olib kelinadi. Uchrashuvda poyabzal ishlab chiqarish tan narxini yanada pasaytirish imkonini beruvchi rezina va yelimni vositachilarsiz toʼgʼridan-toʼgʼri yetkazib berishni yoʼlga qoʼyish masalasi muhokama qilindi.Hamkorlikning uchinchi yoʼnalishi – bu korxonaning poyabzal mahsulotlarini Oʼzbekiston bozorida sotish. Korxona “Issiq qozon vulkanizatsiyasi” texnologiyasidan foydalangan holda kauchuk taglikli krossovkalar ishlab chiqaradi. Oyoq kiyimlari "yigʼilgan" toʼliq blokda tayyorlanadi. Taglik yopishtiriladi. Qoʼshimcha ravishda yon tomonlarida maxsus kauchuk tasma bilan qoplanadi.Shundan soʼng, krossovkalar partiyasi maxsus pechga yuboriladi. U yerda 75-80 daqiqa davomida taxminan 100-110 daraja haroratda isitiladi.

Oʼzbekistonda bu ishlab chiqarish yoʼnalishi hali oʼzlashtirlmaganligi bois hamkorlarga nafaqat poyabzallarni import qilish, balki mamlakatimizda qoʼshma ishlab chiqarish loyihasini tashkil etishni nazarda tutuvchi hamkorlik tashabbusi taklif qilindi.

Vetnam kompaniyasi rahbariga Oʼzbekistonning charm-poyabzal tarmogʼidagi sanoat salohiyati, ishbilarmonlik muhiti, investorlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlari, mamlakatimizning 16 hududida charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan maxsus kichik sanoat zonalarining afzalliklari haqida axborot taqdim etildi.

Tomonlar Vetnam kompaniyasi bilan yangi loyiha va har tomonlama hamkorlikning boshqa jihatlarini, sado-iqtisodiy aloqalarning kelgusi istiqbollarini 5-7 aprel kunlari boʼlib oʼtadigan “UzCHarmExpo Shoesstar Eurasia 2023” xalqaro koʼrgazmasi doirasidagi biznes tashrif chogʼida batafsil taxlil qilib, yakuniy qarorni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

 

Uzcharmsanoat