Oʼzbekiston xalqaro charm bozorida

14.02.2023

Oʼzbekiston xalqaro charm bozorida

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati va Birlashgan qirollikdagi elchixonamiz hamkorlikda Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi (ICT) hamda “Leather UK” uyushmasi ijrochi direktori Kerri Senior bilan uchrashuv oʼtkazdi. Muloqotning asosiy mavzusi Oʼzbekistondagi charm mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning Buyuk Britaniya va YeI bozoriga kirib borishini jadallashtirish, yangi texnologiyalarni mamlakatimiz kompaniyalarida joriy etish hamda eksport yoʼnalishida aloqalarni rivojlantirish masalalari boʼldi.

Uyushma rahbariyati tomonidan ICT hamda "Leather UK" uyushmasi ijrochi direktoriga mamlakatimiz charm-poyabzal sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, investitsiya va eksport koʼrsatkichlari toʼgʼrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi 2018 yildan buyon ICTning teng xuquqli aʼzosi sanaladi. Oʼtgan vaqt oraligʼida hamkorlikda mahalliy korxonalarimizni YeI bozoriga jadal kirib borishlari boʼyicha qator loyihalar amalga oshirildi. Xalqaro tashkilot tomonidan oʼzbek korxonalarining boshqaruv menejmenti siyosatini yoʼlga qoʼyishda xuquqiy yordam koʼrsatildi.

ICT hamda “Leather UK” uyushmasi ijrochi direktori Kerri Senior soʼngi yillarda Oʼzbekiston charmsanoati barqaror oʼsish koʼrsatikichlariga erishganini, globallashuv jarayonlari, logistikadagi uzilishlar,tarmoqda kuzatilgan iqtisodiy pasayishlarga qaramasdan mahsulotlar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilib, dunyo bozorida yuqori koʼrsatkichlarni qayd etganini takidladi.

 Xalqaro tashkilot endilikda Oʼzbekiston korxonalarining jahon bozorida yanada barqarorlikka erishishlarini taʼminlash maqsadida xuquqiy koʼmak koʼrsatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, xalqaro standartlarni qoʼlga kiritishda ishlarni birgalikda amalga oshirish boʼyicha takliflarni ilgari surdi.

Muzokaralar yakunida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va ICT hamda "Leather UK" uyushmasi oʼrtasida hamkorlik memarandumi imzolandi.

 Mazkur memarandum asosida Buyuk Britaniya va YeI bozoriga mahalliy mahsulotlarimizni yetkazib berishda xuquqiy maslahat va amaliyotlar koʼrsatiladi.

 

Uzcharmsanoat