Pure London –dunyo charm-poyabzal sanoati rivoji uchun global platforma

13.02.2023

Pure London –dunyo charm-poyabzal sanoati rivoji uchun global platforma

Buyuk Britaniyaning London shahrida har yili qish va yoz faslida oʼtkaziladigan “Pure London” xalqaro koʼrgazmasi Britaniya va Yevropa korxonalariga toʼqimachilik va charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar bilan manfaatli aloqalarni yoʼlga qoʼyish uchun samarali platforma sanaladi.

Mazkur koʼrgazma xom ashyoni yetkazib bervuchilarni izlab topish va tanlash hamda kiyim-kechak ishlab chiqarish yoʼnalishlarida Birlashgan qirollikda birinchi oʼrinda turadi. Joriy yilgi koʼrgazmada 17 000 nafar soha professionallari, 800 dan ortiq kompaniyalar va brendlar 1300 dan ortiq tayyor mahsulotlar kollektsiyasi bilan ishtirok etmoqda.

Londonda oʼz ishini boshlagan “Pure London” xalqaro koʼrgazmasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi hamda Birlashgan qirolikdagi mamlakatimiz elchixonasi vakillaridan iborat delegatsiya ham ishtirok etmoqda. Tashrifdan maqsad xalqaro standart va sertifikatlarni Oʼzbekiston korxonalariga joriy qilish, GSP+ imkoniyatlaridan foydalangan xolda Yevropa bozoriga kirib borish, jahon moda tendentsiyalari bilan tanishish hamda “Аutsorsing” asosida mamlakatimizda xalqaro brendlarning mahsulotlarini ishlab chiqarish boʼyicha manfaatli kelishuvlarga erishishdir.

Koʼrgazmaning dastlabki kunida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Janubiy Аfrika charm va poyabzal mahsulolari eksportchilari kengashining (SAFLEC) ijrochi direktori Nerisha Jairaj bilan muzokaralar oʼtkazdi. Muloqotda xalqaro kompaniya vakiliga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼynachilik tarmogʼining ishlab chiqarish salohiyati, investitsion muhit, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyoz va preferentsiyalar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Kompaniya vakillari Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni alohida eʼtirof etib, hamkorilk aloqalarini boshlash boʼyicha oʼz tashabbuslarini maʼlum qildi. Xususan, “Аutsorsing” asosida ishlarni tashkil etish, JАdagi korxonalarda qoʼllanilayotgan texnologiyalarni mamlakatimizda joriy etish boʼyicha oʼzaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, mazkur tashkilotga aʼzolikka qoʼshilish masalalari koʼrib chiqildi. JА charmsanoat tarmogʼidagi qonunchilikni Oʼzbekistonga implementatsiya qilish boʼyicha muloqotlar oʼtkazildi. “UzCharmExpo-ShoesStar-2023” xalqaro koʼrgazmasida JАdagi charm-poyabzal korxonalarning ishtirokini taʼminlash va ikki davlat korxonalari oʼrtasida hamkorlikni boshlash boʼyicha qaror qabul qilindi.

Ispaniya va Italiya brendi “LANDA” Oʼzbekiston korxonalari bilan “Аutsorsing” asosida ishlarni tashkil etishga qiziqish bildirdi. Uchrashuvda kompaniya vakillariga mamlakatimiz korxonalarining ishlab chiqarish salohiyati, sifat menejmenti, logistika va mahsulotlar tannarxi masalasida maʼlumotlar taqdim etildi. Kompaniya Oʼzbekiston bilan aynan poyabzal ishlab chiqarishda yaqin hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi. Korxonalarning texnik parametrlari va mahsulotlar naʼmunalari bilan yaqindan tanishgach aloqalarni yoʼlga qoʼyishga kelishib olindi.

Britaniyaning “NORTH&SOUTH FOOTWER” kompaniyasi oʼz distrbyuterlari va savdo agentlari koʼmagida mamlakatimiz charm-poyabzal korxonalari mahsulotlarining savdosini Birlashgan qirollikda tashkil etish boʼyicha tashabbuslarini bildirdi. Oʼzaro savdo yoʼnalishidagi hamkorlikning kelgusi istiqbollari koʼrib chiqildi.

Niderlandiya kompaniyasi “BULAGGI” Oʼzbekistonda charm-attorlik mahsulotlarini “Аutsorsing” asosida ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi. Bugungi kunda kompaniya asosan XXR bilan hamkorlik qiladi. Biroq Xitoy korxonalari katta xajmdagi buyurtmalarni qabul qilishi, logistika masalalaridagi uzilishlar kompaniyani yangi hamkorlar topishga undamoqda. Koʼrgazma doirasida kompaniya Oʼzbekiston bilan bu yoʼnalishda hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, kompaniya bahorda boʼlib oʼtadigan “UzCharmExpo-ShoesStar-2023” xalqaro koʼrgazmasida ishtirok etib oʼzbek korxonalari bilan yaqindan tanishishni maqsad qilganini maʼlum qildi.

Ruminyaning “Colloris” kompaniyasi Oʼzbekiston korxonalariga print texnologiyalar asosida charmga ishlov berish boʼyicha oʼz tajribasini joriy qilishga tayyor. “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati bilan boʼlib oʼtgan muloqotda bu boradagi hamkorlikning istiqbollari, print texnologiya afzalliklari yuzasidan fikr almashildi. Bahorda Toshkent mezbonlik qiladigan koʼrgazmada bu texnologiyani joriy qilishga tayyor oʼzbek korxonalari bilan kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, koʼrgazma doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi xalqaro sifat menejmenti va standartlariga moslik toʼgʼrisidagi sertifikatlarni qabul qilib olishi kutilmoqda.

Uzcharmsanoat