Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida Oʼzbekiston savdo uyi ochildi. Savdo uyining tantanali ochilish marosimida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida qayd etilganidek, ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlik ikki qardosh davlat uchun birdek istiqbolli yoʼnalishlardandir. Ozarbayjonda “Made in Uzbekistan” yorligʼi ostidagi mahsulotlarga talab ortib bormoqda. Oʼzbekistonda qardosh davlat kompaniyalari kapitali asosida qoʼshma korxonalar faol ish olib bormoqda.
Savdo uyi rahbari Ramin Sherifov bugungi kunda Oʼzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mamlakatda sarmoyaviy loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor boʼlgan xorijiy investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidladi.
“Hozirgi bosqichda Oʼzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yoʼlga qoʼyish va sarmoya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan, men nafaqat iqtisodiy sohani liberallashtirish boʼyicha koʼrilayotgan qadamlarni, balki oʼzbek xalqining malakasi va mehnatsevarligini ham nazarda tutyapman”, — dedi Ramin Sherifov.
Yangi ochilgan Oʼzbekiston savdo uyida “Made in Uzbekistan” yorligʼi ostidagi charm-poyabzal, toʼqimachilik, kimyo, qurilish, mebel, oziq-ovqat, elektrotexnika va boshqa mahsulotlar naʼmunalari joylashtirildi.
“Oʼzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo “KFK”, “Amir-Ul-Baxr” korxonalari Ozarbayjonda ochilgan savdo uyi orqali mazkur davlatning sanoat, qurilish va mudofaa sohalari uchun maxsus poyabzallar yetkazib berish boʼyicha muzokaralar olib borib, dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Qayd etish kerak, mazkur savdo uyi nafaqat mahalliy mahsulotlarimizni Ozarbayjon bozorida sotishga balki, Oʼzbekiston bilan oʼzaro manfaatli aloqalarni oʼrnatishdan manfaatdor boʼlgan Ozarbayjon ishbilarmon doiralarining yurtimizga sarmoya kiritishiga ham xizmat qiladi. Аyni paytda Ozarbayjonlik tadbirkorlar charmsanoat, toʼqimachilik, qishloq xoʼjaligi, qurilish, АKT, oziq-ovqat va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishni boshladi.
Uzcharmsanoat