FIERA MILANO: O‘ZBEKISTON YEVROPA BOZORIDA

26.09.2022

FIERA MILANO: O‘ZBEKISTON YEVROPA BOZORIDA

15 investitsiya va eksport shartnomasi, 5 ta memorandum va Yevropa bozoriga ruxsat beruvchi xalqaro sertifikat. Italiyaning moda va biznes poytaxti Milanda bo‘lib o‘tgan “FIERA MILANO” anjumani doirasidagi ko‘rgazmalarda «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga aʼzo korxonalar samarali ishtirok etib, o‘z biznes portfelini yangi hamkorlar va kelishuvlar bilan to‘ldirdi. Dastlab «Micam» ko‘rgazmasi haqida. 

Dunyoning eng obro‘li brendlari, kompaniyalar ishtirok etgan ko‘rgazmada «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga aʼzo «San+One» brendi o‘zining 15 turdagi poyabzal modellari bilan ishtirok etdi. YEI va Italiyaning bayer va distribyuterlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda milliy brendimizni Italiya bozoriga olib kirish va mahsulotlar savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Italiyaning «Femon» kompaniyasi «San+One» brendidan 2000 ming juft erkaklar poyabzallarini xarid qilishni boshlaydi. Umumiy xisobda 100 ming dollarlik poyabzallar tez fursatda Italiya savdo tarmoqlarida savdoga chiqariladi.

“Simac Tanning Tech” xalqaro ko‘rgazmasida esa O‘zbekiston delegatsiyasi yirik investitsiya shartnomasini imzoladi. “Bauce 1970” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida charm-poyabzal yo‘nalishida Surxondaryoda amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi eng yirik klaster loyihasi endi Italiya texnologiyalari bilan to‘ldiriladi. «Bauce 1970»  kompaniyasi “Top Quality Brand” ostidagi klaster loyihasi doirasida 5 mln. 200 ming yevrolik shartnomani imzoladi. Italiya kompaniyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra bugungi kunda O‘zbekiston klasterlarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. 

Charm-poyabzal yo‘nalishidagi eng yirik klaster loyihasi “Top Quality Brand” korxonasini tashkil etishda texnik ko‘mak ko‘rsatish,tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishda ishtirokimiz bizni quvontiradi. Men Italiya kompaniyasi vakili sifatida ishonch bilan ayta olaman mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar to‘liq Italiya standartlariga mos keladi. Maxsulotlar esa xorijga eksport qilinadi. Bugungi imzolangan shartnoma esa loyihani tez fursatda ishga tushirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi dedi “Bauce 1970” kompaniyasi savdo menejeri janob Dorin Tibirna. 

Yevropaning charmsanoati rivojlangan mamlakatlaridan biri Ispaniyada ham bizning tayyor charm mahsulotlariga talab ortgan. «Lineapelli» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Sirdaryoda joylashgan «Peng-Sheng» kompaniyasi Ispaniyaning “Inter Leather” kompaniyasi bilan 2 mln. dollarilik shartnomani ko‘lga kiritdi. Endilikda mamlakatimiz charmsanoatining eksport geografiyasiga  Ispaniya ham qoshildi.

Shuningdek, YEIning “Leather Working Group” kompaniyasi «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga aʼzo korxonalarga xalqaro sertifikatlarni berishni boshlaydi. Bu esa milliy mahsulotlarimizning Yevropa bozorlarida erkin sotilishini taʼminlaydi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik, taʼlim, kooperatsiyani taʼminlash, ishlab chiqarishda tajriba  almashish kabi yo‘nalishlarda YEIning ko‘plab tashkilotlari bilan memorandumlar imzolandi.

“FIERA MILANO” doirasida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmalar xar bir ishtirokchiga faoliyati uchun yangi quvvat, yangi hamkorlar, yangi g‘oyalarni taqdim etdi. Har bir stendda O‘zbekiston bilan hamkorlikka shay bo‘lgan xalqaro brendlar bilan kelgusi rejalar belgilab olindi.

Uzcharmsanoat