INNOVATSIYALAR VA YANGI IMKONIYATLAR: O’ZBEKISTON MILANDAGI XALQARO KO’RGAZMADA

20.09.2022

INNOVATSIYALAR VA YANGI IMKONIYATLAR: O’ZBEKISTON MILANDAGI XALQARO KO’RGAZMADA

Italiyaning moda poytaxti - Milan yana butun dunyo moda sanoati vakillarini bir maydonda jamladi. Milan moda haftaligi doirasida  sumka, charm buyumlar va  aksessuarlar xalqaro ko‘rgazmasi o’z ishini boshladi. Mazkur ko'rgazmada dunyo brendlari o'zining so'nggi to'plamlarini professional auditoriyaga taqdim etmoqda. Ushbu ko'rgazma aloqa va axborot maydonchasi bo'lib, ishtirokchilarga ishbilarmonlik portfelini yangi aloqalar bilan boyitish imkonini beradi. 

O‘zbekiston ham   istiqbolli hamkorlar topish maqsadida ko’rgazmada ilk bor ishtirok etmoqda. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi tarkibida  25 ta korxona o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Ko'rgazma doirasidagi faol muzokaralarning dastlabki natijalari allaqachon o’z samarsini berib ulgurdi. Xususan, Mipel xalqaro ko‘rgazmasi ishtirokchisi Andrea Kardone uyushma rahbariyati va O‘zbekiston korxonalari bilan muzokaralar chog‘ida Italiyada charm mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan o’rtoqlashdi. O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlarga ega bo’ldi. Muhokama yakunida Toshkent shahrida bo’lib o’tadigan  kuzgi “UzCharmExpo 2022” xalqaro ko‘rgazmasiga kompaniya stendi bilan tashrif buyurish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Andrea Kardone o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan “Oktabr oyida Toshkentga yangi kolleksiyamiz bilan tashrif buyuramiz. O‘zbekiston korxonalari bilan tijorat takliflarimizni muhokama qilmoqchimiz. Mamlakatingizdan charm buyumlar sotib olishga ham qiziqmoqdamiz. Umid qilamanki, bugungi muloqot kelajakdagi qo‘shma muvaffaqiyatlarning boshlanishidir”, — dedi.

Mipel xalqaro ko’rgazmasi biznesga yangicha yondoshuvlar va o’quv platformasi sifatida alohida ahamiyatga egadir. Bu yilgi ko’rgazma jahonning 700 dan ortiq kompaniya va brendlarini HiTech, innovatsiya, atrof muhitga extiyotkorona munosabatda bo’lish shiori ostida birlashtirdi. Moda olami vakilllarining taxliliga ko’ra kelgusi mavsumda o’simlik va biobakteriyalardan olingan charmdan tayyorlangan mahsulotlar urfga kirar ekan.

Italiya, Portugaliya, Germaniya, Turkiya kabi charmsanoat rivojlangan davlatlar vakillari bilan muloqotlarda korxonalarni texnologik ishlab chiqarishini yangilash yuzasidan tajriba almashish, rebrending, autsorsing asosida mahsulotlar ishlab chiqarish yo’nalishlarida muzokaralar o’tkazilmoqda.

Uzcharmsanoat