ICT: “UZСHARMEXPO-2022” JAHON TENDENSIYALARINING MUHOKAMA MARKAZI

24.05.2022

ICT: “UZСHARMEXPO-2022” JAHON TENDENSIYALARINING MUHOKAMA MARKAZI

2022 yilning 25-27 may kunlarida bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro ko'rgazma-yarmarkasi oldidan “O'zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Xalqaro charm ishlab chiqaruvchilar kengashi (ICT) kotibi Kerri Senor bilan uchrashuv o'tkazdi. CHarm-poyabzal sanoatida xalqaro tashkilot bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalasi muloqot mavzusi bo'ldi.

Uchrashuv avvalida mehmonga mamlakatimizda charm-poyabzal va mo'ynachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qonunchilik bazasi, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, xom ashyo bazasi to'g'risida atroflicha ma'lumot taqdim etildi.


O'z navbatida Kerri Senor so'nggi yillarda O'zbekiston charm-poyabzal sanoatida o'sish dinamikasi kuzatilayotgnini qayd etdi. Mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan sharoit, ochiq va leberal pul-kredit siyosati, davlatning tadbirkorlarni qo'llab-quvatlashga qaratilgan tashabbuslari har qanday xorijiy investorning mamlakatimizda biznesi kafolatlanganini anglatadi. 

Yig'ilishda terini qayta ishlash sanoatida ekologiya masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Dunyo charm-poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilari, dizaynerlar tabiiy charmdan sifatli va salomatlik uchun xavfsiz mahsulotlar tayyorlashga katta e'tibor qaratmoqda. Bu o'z navbatida charm ishlab chiqaruvchilarga bir qator talablarni qo'yadi. O'zbekiston ham bu yo'lda ishonch bilan olg'a bormoqda. O'zbekiston charm sanoatida keyingi 5 yilda charm ishlab chiqarish korxonalarining modernizasiya qilinishi ekologiya masalalarini hal qilib kelmoqda. Bu o'z navbatida atrof-muhitni asrab-avaylashda, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega.


ICT – charmsanoat yo'nalishidagi xalqaro tashkilot. Unga 1926 yilda asos solingan. Bugungi kunda mazkur xalqaro kengashga 34 ta davlat a'zo. O'zbekiston 2018 yildan buyon ICTning teng huquqli a'zosi sanaladi. Tashkilotning asosiy vazifasi charm mahsulotlari savdosini yagona xalqaro shartnomalar asosida amalga oshirish, xalqaro savdo barqarorligini ta'minlashdir. SHuningdek, tarmoq oldida turgan masalalarni birgalikda yechishda amaliy ko'mak ko'rsatishdir.

Tomonlar joriy yilning 25-27 may kunlarida Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan “UzCharmExpo 2022” xalqaro ko'rgazmasi davomida bevosita muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Uzcharmsanoat