CHARM-POYABZAL VA MOʻYNACHILIK SANOATI YUZASIDAN OʻZBEKISTON VA BELARUS OʻRTASIDA MUNTAZAM TAJRIBA ALMASHISH AMALIYOTI YOʻLGA QOʻYILDI

24.04.2022

CHARM-POYABZAL VA MOʻYNACHILIK SANOATI YUZASIDAN OʻZBEKISTON VA BELARUS OʻRTASIDA MUNTAZAM TAJRIBA ALMASHISH AMALIYOTI YOʻLGA QOʻYILDI

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Belarus yengil sanoat korxonalari assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash hamda charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatida oʻzaro tajriba almashishini nazarda tutadi.

Qayd etish kerakki, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, dunyoning turli mamlakatlari, xususan, Xitoy, Rossiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Italiya, Turkiya davlatlaridagi charm-poyabzal uyushmalari amaliyotini Belarus Respublikasida qoʻllash maqsadida 2021-yilda Belarus yengil sanoat korxonalari assotsiatsiyasi tashkil etilgan edi.

Mazkur tashkilotning asosiy maqsadi bozor ishtirokchilari va davlat organlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtash, yagona nuqtai nazarni shakllantirib, tashabbuslarni ilgari surishdir. Shuningdek, yengil sanoat sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirib borish uyushmaning vazifalaridan biri sanaladi.

Belarus yengil sanoat korxonalari assotsiatsiyasi raisi Nikolay Martynov Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi F.Boboyev bilan muloqot oʻtkazdi. Suhbat chogʻida mehmon Belarus uyushmasi oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga oid masalalarda Oʻzbekiston tomonining katta tajribasidan foydalanish, ayni yoʻnalishda mamlakatimizda olib borilgan ishlarni Belarusda ham qoʻllash mumkinligini qayd etdi.

Muloqot soʻngida ikki tomonlama aloqalarini mustahkamlash yoʻlida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat bilan tomonlar birgalikda yangi innovatsion ishlanmalar asosidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshiradi. Tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish va ularni qoʻllab-quvvatlashda bir-biriga koʻmaklashadi. Bu yoʻnalishda toʻplangan tajriba oʻrtoqlashiladi.

Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini  oʻrnatishga kelishib olindi.

Mazkur hamkorlik eng avvalo Oʻzbekistondagi tegishli boshqaruv menejmentining ilgʻor, sinalgan usullarini Belarusda qoʻllash imkonini bersa, bizga esa terini qayta ishlash va poyabzal sanoatida Belarus tajribasini qoʻllash va mazkur mamlakat sarmoyalarini keng jalb etishga zamin yaratadi.

Uzcharmsanoat