Prezident poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy korxona bilan tanishdi

22.04.2022

Prezident poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy korxona bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi kichik sanoat zonasida joylashgan “UzShoes” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 

Maʼlumki, Qashqadaryoda charm xomashyosi koʻp. Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chogʻida bu imkoniyatdan foydalanib, charm mahsulotlarini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shundan soʻng hududda 4 ta loyiha ishga tushirildi.

Xususan, “UzShoes” korxonasi belaruslik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 6 million dollar evaziga tashkil etildi. Korxonaga Germaniya, Italiya va Avstriyadan uskuna va jihozlar keltirib oʻrnatildi. 350 ta ish oʻrni yaratildi.


Korxona yiliga 500 ming juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda erkaklar, ayollar va bolalar uchun 10 turdagi charm poyabzallar tayyorlanmoqda. Sifatli va chiroyli bu mahsulotlar import oʻrnini bemalol bosadi.

Shu bilan birga, Qarshida tikilgan poyabzallar Yevropa mamlakatlaridagi 100 dan ortiq savdo doʻkonlarida sotilmoqda. Shuningdek, qoʻshni davlatlar va Hindiston bilan kelishuvlarga erishilgan.


Davlatimiz rahbari poyabzallarni tayyorlash jarayonini koʻzdan kechirdi, shu yerda ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Shuningdek, Prezident Qarshi shahrida sport taʼlimi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Sportni rivojlantirish vaziri yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha 1-aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishdagi vazifalar ijrosi toʻgʻrisida hisobot berdi. Mutasaddilarga chet ellik mutaxassislarni jalb etib, seleksiya ishlari va oʻquv dasturini toʻgʻri shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Manbaa: Prezident.uz

Uzcharmsanoat