O‘ZBEK CHARM-POYABZAL MAHSULOTLARI "WILDBERRIES" ONLAYN SAVDO PLATFORMASIDAN JOY OLADI

09.11.2022

O‘ZBEK CHARM-POYABZAL MAHSULOTLARI "WILDBERRIES" ONLAYN SAVDO PLATFORMASIDAN JOY OLADI

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportni rag‘batlantirish agentligi tashabbusi bilan Rossiyaning yirik “Wildberries” onlayn savdo platformasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan poyabzal, charm-attorlik, sport aksessuarlari mahsulotlarini onlayn marketpleysda savdosini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.

Muloqot avvalida “Wildberries” kompaniyasi vakillariga mamlakatimizning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot sifati, xalqaro seritfikatlar, eksport ko‘rsatkichlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. O‘z navbatida onlayn savdo tarmog‘i vakillari O‘zbekiston bilan mahsulotlarni elektron sayt orqali MDH va jahon bozriga olib chiqish masalasiga qizish bildirdi.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish kerak, “Wildberries” kompaniyasi 17 yildan buyon muvaffaqiyatli ish olib boradi. Bugungi kunda Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Armaniston, Isroil, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda o‘z platformasi ishini yo‘lga qo‘ygan. Bir kunda onlayn-do‘kon orqali 3,5 mln buyurtma kelib tushadi. Savdo maydonchasidan 210 mingdan ortiq brendlar mahsuloti o‘rin olgan. “Wildberries” onlayn-do‘koni arzon narxlarni, muntazam yangilanib turadigan assortimentni anglatadi. “Wildberries” onlayn-katalogida ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlari va poyabzallarining 35 mingga yaqin yetakchi brendlari taqdim etilgan. Xaridorlarga elektronika, kitoblar, bolalar mahsulotlari taklif etiladi. Onlayn do‘konda siz uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat, go‘zallik mahsulotlari, zargarlik buyumlari, o‘yinchoqlar sotib olishingiz mumkin.

Muloqotda kompaniya vakillari bilan “Wildberries” orqali mahalliy korxonalarimizni xalqaro bozorga olib chiqish masalasi atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, charm-poyabzal mahsulotlarining onlayn savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonda mahsulotlarni tarqatish markazi tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.

Muloqot so‘ngida “Wildberries” kompaniyasi vakillari hamda mahalliy korxonalar ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi. Milliy mahsulotlarimizni internet-magazinda sotish bo‘yicha kelishuvlarga erishish yuzasidan qaror qabul qilindi.

 

Uzcharmsanoat