SANOAT KORXONALARINI BOSHQARISH VA RIVOJLANTIRISHDA TIZIMLI YONDASHUV

26.10.2022

SANOAT KORXONALARINI BOSHQARISH VA RIVOJLANTIRISHDA TIZIMLI YONDASHUV

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati hamda “UZBIC” – O‘zbekiston biznes va sanoat kengashi raisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan maqsad mamlakatimiz charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasidagi ishlab chiqaruvchilarning faoliyatini viloyatlar kesimida qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarini eksport qilish tizimini yana-da mustahkamlash, soha tadbirkorlari uchun biznes-treninglar tashkil etishdan iboratdir.

Muloqot avvalida “UZBIC”ga respublikamizdagi charm-poyabzal va mo‘ynachilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan korxonalar, sohaning ishlab chiqarish imkoniyatlari, eksport hajmlari, investitsion jozibadorlik to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

O‘z navbatida “UZBIC” – O‘zbekiston biznes va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish kengashi raisi yurtimizda ayni sanoat rivojlanib borayotgan, sohaning eksport ko‘rsatkichlari yuqorilatganini qayd etdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda xorijiy hamkorlar topish, soha korxonalarini yangi eksport bozorlariga olib chiqish bo‘yicha kengash yaqindan hamkorlik qilish niyatida ekanligini maʼlum qildi.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish kerak, “UZBIC” mahalliy tadbirkorlar va xalqaro bozordagi biznesmenlar o‘rtasida manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, faoliyatni yana-da rivojlantirish hamda kengashga aʼzo tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoya qilgan xolda ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish bilan shug‘ullanadi. “UZBIC” bilan hamkorlik qilish tadbirkorlarga xorijdagi 30 000 nafar o‘zbek tadbirkorlari bilan bog‘lanish imkonini beradi. 50 dan ziyod davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga zamin yaratiladi.  

Kengashning eksport markazidan foydalangan xolda dunyo bo‘ylab potensial mijozlarni topish imkoniga ega bo‘lishadi. Investorlar bilan bevosita ishlash, “UZBIC” katalogida o‘z mahsulotlarini joylashtirish va jahon bo‘ylab tarqatish borasida amaliy ko‘makka erishadi.

Uchrashuvda soha tadbirkorlari uchun biznes-treninglar tashkil etgan xolda korxona boshqaruvida zamonaviy yondashuvlar hamda innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflar muhokama qilib olindi.

Bundan tashqari xalqaro va milliy ko‘rgazmalarda  “UZBIC” tomonidan xorijiy sarmoyadorlar, importyorlarni keng jalb etish, eksportyor korxonalarga huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Uchrashuv yakunida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda “UZBIC” – O‘zbekiston biznes va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
 

Uzcharmsanoat